Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibiy va hududiy bo‘linmalari o‘rtasida kurash bo‘yicha “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan musobaqaning maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalari shaxsiy tarkibini jismoniy tarbiya va sport hamda kurash bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish natijasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jangovar tayyorgarlikni oshirish, kurashni aholi orasida ommalashtirish va uni yanada rivojlantirish hisoblanadi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan xalqaro kurash qoidalari asosida ikki kun davomida o‘tkazilgan musobaqada g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.

Birinchi o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti jamoasi, ikkinchi o‘rinni  Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoalari egalladi.

Musobaqa g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyar To‘rebekov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etib, barcha sportchi va ularning murabbiylariga samimiy tilaklarini bildirdi. Ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirishda va ularni sportga keng jalb etishda mana shunday musobaqalarning o‘rni beqiyos ekanligi qayd etildi.

Tashkilotchilar tomonidan g‘olib va sovrindorlarga medallar,  diplom hamda musobaqa kubogi tantanali ravishda topshirildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA.