O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga mulk huquqi beriladimi?

Taxiatoshlik Nazira Mahmudova Davlat xizmatlari markaziga shu masalada murojaat qildi.

Joriy yilning 10-13 iyul kunlari Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Boshqarmasi, Taxiatosh tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish maqsadida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Naymankul ovul fuqarolar yig‘inida targ‘ibot ishlari olib borilib, fuqarolarga huquqiy va amaliy maslahatlar berildi.

Tadbirda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan maxsus tayyorlangan ma’lumotlar sodda va tushunarli shakllarda namoyish etilgan 500 dan ortiq bukletlar tarqatildi.

O‘tkazilgan tadbir davomida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan Naymankul ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro Nazira Mahmudova ko‘p yillardan buyon o‘z oila a’zolari bilan birga yashab kelayotgan xonadoniga kadastr hujjatlarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qildi.

Murojaat joyida Davlat xizmatlari xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, fuqaro N.Mahmudovaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi 461-sonli qarorining mazmun mohiyati to‘g‘risida huquqiy tushuntirish berildi. Sayyor davlat xizmati ko‘rsatilib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish uchun ariza qabul qilib olindi.

Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan shu kunning o‘zida fuqaro N.Mahmudovaning murojaati Taxiatosh tumani komissiyasiga taqdim etildi.

Ushbu murojaat tuman komissiyasi tomonidan belgilangan muddat ichida ko‘rib chiqilib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish mumkin, deb topildi. Fuqaro N.Mahmudova hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlardan va Yurtboshimizdan minnatdor ekanligini ta’kidlab, o‘z quvonchini yashira olmadi.

A.Orazimbetov,
Davlat xizmatlari agentligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Taxiatosh tumani Davlat xizmatlari markazi
bo‘lim boshlig‘i