Isroil-Eron tarangligi
Ushbu hafta Eron anchadan beri berib kelgan va’dasini bajardi. 1- oktyabr kuni Eron Isroil tomonidan “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullohning Bayrutda o‘ldirilishi va 31 iyul kuni Tehronda HAMAS siyosiy rahbari Ismoil Haniyaning halok bo‘lishiga javoban ikki to‘lqinli ballistik raketa hujumi uyushtirdi. 200 ga yaqin raketa uchirilgan va bu aytarli talofat yetkazmagan. Chunki aksariyat raketalar tutib olingan. Eron Tel-Aviv hududidagi uchta harbiy bazani nishonga olganini da’vo qilgan.
Endi esa Isroil Eronning strategik aktivlariga javob hujumini rejalashtirmoqda. Nishonga olinadigan variantlar orasida yadroviy inshootlardan tortib to neftni qayta ishlash zavodlarigacha bor. Jo Bayden Isroilni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan ammo Isroil hukumatiga Eronning neft inshootlariga zarba berishni maslahat bermasligini aytdi.
Oq uyda jurnalistlar AQSH prezidentidan Isroilning Eron hududidagi neft obektlariga ehtimoliy hujumlari haqidagi so‘zlariga oydinlik kiritishni so‘rashdi.
“Isroil Eronning harakatlariga javoban qanday javob chorasi ko‘rilishi haqida hali qaror qilgani yo‘q, u muhokama qilinmoqda. Agar men ularning o‘rnida bo‘lsam, neft obektlariga hujum qilishdan boshqa muqobil yo‘llar haqida o‘ylagan bo‘lardim”, – deya javob bergan Qo‘shma Shtatlar rahbari.
Hujumdan ko‘rilgan zarar minimal bo‘lganligi sababli, cheklangan javob zarbasini yo‘llanishi mumkin. Chunki bunga o‘xshash holat joriy yilning bahorida kuzatilgan edi. 13-aprel kuni Isroilning Damashqdagi konsulligiga hujum uyushtirgani gumon qilinganiga javoban Eron 120 ga yaqin ballistik raketa va 170 ta uchuvchisiz uchuvchi samolyotni uchirgan hamda Isroil janubidagi harbiy bazaga kichik miqdorda zarba berilgan edi. Oradan bir necha kun o‘tib, 18-aprel kuni Isroil Isfaxondagi Artesh havo kuchlari bazasiga zarba berib, uzoq masofali S-300 havo mudofaa tizimining bir qismini yo‘q qilgandi.
Lekin bu safar Eron hujumining ko‘lami sababli Tel-Avivning “Temir gumbaz” havo mudofaa tizimidan o‘tib ketgan. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, shu sababli ham Isroilning javobi aprel oyidagiga qaraganda yirikroq bo‘lishi ham mumkin. Bu esa Eron kuchlarini Isroil va uning eng katta ittifoqchisi AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka tortadi.
Isroil rasmiylarining ommaviy bayonotlariga ko‘ra, qaysi obektlarga zarba berish haqidagi variantlar stol ustida. Masalan yadroviy va neft ishlab chiqarish obektlariga zarbalar berish, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga maqsadli suiqasdlar va harbiy aktivlarga aniq reydlar uyushtirilishi mumkin. Isroilning sobiq bosh vaziri Naftali Bennett esa Eronning yadroviy inshootlariga hal qiluvchi zarba berishga chaqirdi.
Natanzdagi uranni boyitish majmuasi va Isfaxon yadro texnologiyalari markazi Eron yadroviy dasturining markazida joylashgan ikkita majmua hisoblanadi. Lekin Tehronning yadroviy inshootlarining aksariyati chuqur yer osti va tog‘lar ostida joylashgan bo‘lib, Isroil uchun ularga zarba berish oson bo‘lmasligi mumkin.
Shuning uchun qattiq himoyalangan yadroviy maydonlarga qaraganda kamroq qo‘riqlanadigan neft konlari muqobil harbiy nishonlar bo‘lishi kutilmoqda. Eron hukumati mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzasidan xalq bosimi ortib borayotgan bir paytda Eronning daromadli neft sektoriga zarba berish ham Isroilning siyosiy foydasiga o‘ynashi mumkin.
Eron harbiy-dengiz bazasi obektlari va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari Isroil uchun boshqa potensial nishonlardir.
Yana boshqa bir variant esa Tel-Aviv Eron rahbarlariga qarshi qotilliklarini davom ettirish hisoblanadi.
“The New York Times” nashrining yozishicha, Eron Isroilning ehtimoliy zarbasi tufayli Rossiyadan yordam so‘ragan. Manbaga ko‘ra, Eron Isroildan javob zarbalarini kutmoqda, mamlakat qurolli kuchlari maksimal shay holatga keltirilgan. Tehron Moskvadan Isroil hujumlarini kutgan holda sun’iy yo‘ldosh orqali razvedka sohasida hamkorlik qilishni so‘ragan. Xabarda hamkorlik tafsilotlari keltirilmagan.
Eron rasmiylarining ogohlantirishicha, Yahudiy davlati agar javob qaytarsa, Tehronning ham hujumi oldingisidan kam bo‘lmaydi.
Isroil va Livan nizosi
Isroil Livanga havo zarbalari qatorida ushbu hafta quruqlikdan hujumga o‘tdi. Quruqlikdagi operatsiya boshlanganidan beri SAXAL “Hizbulloh”ning 250 ga yaqin a’zosini, jumladan 5 nafar batalon komandirini yo‘q qildi, deya xabar beradi Isroil qo‘mondonligi.
Isroilning Bayrutga navbatdagi zarbasi payshanbadan jumaga o‘tar kechasi amalga oshirildi. Harbiy samolyotlar “Hizbulloh”ning yo‘q qilingan yetakchisi Hasan Nasrullohning ehtimoliy vorisi Hoshim Safiy ad-Din joylashgani taxmin qilingan Bayrut chekkasidagi obektni bombardimon qildi. “Hizbulloh”ning asosiy razvedka qarorgohi bo‘lgan Dahiya hududidagi bunkerga umumiy og‘irligi 73 tonna bomba tashlangan.
Mahalliy nashrlarning Livan sog‘liqni saqlash vaziriga tayanib xabar berishicha, 3 oktyabr holatiga ko‘ra, zarbalar qurbonlarining umumiy soni 2 mingga yaqin kishini tashkil qilgan. Minglab odamlar Suriyaga qochib o‘tmoqda. Shuningdek, Isroil harbiylari Livanning Suriya bilan chegaradagi Masnaa punktiga alohida hujum qilgan. Yahudiy davlati kuchlari so‘nggi kunlarda yuz minglab odamlar Isroilning bombardimonlaridan qochish uchun foydalanayotgan ikki davlatni bog‘laydigan yo‘lni to‘sib tashlagan.
Isroil va G‘azo mojarosi
Isroilning kuchlari Livan va Eronga qarshi kurashayotgan bo‘lsa-da G‘azodagi to‘qnashuvlar hali ham davom etmoqda. Lagerlarga havo zarbalari amalga oshirilyapti.
Isroilning G‘arbiy Sohildagi Tulkarim qochqinlar lageriga uyushtirgan zarbasi oqibatida 18 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Isroil armiyasi tomonidan ma’lum qilinishicha, qiruvchi samolyotlar payshanba kuni Isroil ichki xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda hujum uyushtirgan. Qo‘shimcha qilinishicha, Tulkarimdagi HAMAS infratuzilmasi rahbarini nishonga olingan.
Lager rasmiysi Faysal Salamaning “AFP” axborot agentligiga aytishicha, zarba “F-16” qiruvchi samolyoti bilan amalga oshirilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 7-oktyabridan joriy yilning sentyabr oyining oxirigacha G‘arbiy Sohilda 695 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum oxirgi 20 yil ichidagi G‘arbiy Sohilda ro‘y bergan eng yirik havo hujumidir. Lagerda odamlar zich joylashgani bois halokat ko‘lami oshgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tulkarim qochqinlar lagerida atigi 0,18 kvadrat kilometr maydonda 21 mingdan ortiq odam istiqomat qiladi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbosning matbuot kotibi qochqinlar lageriga qilingan hujumni tinch aholiga qarshi “o‘ta og‘ir jinoyat” sifatida qoraladi.
Hindiston o‘q-dorisi Ukrainada
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga harakat qildi. Binobarin, Ukraina hind snaryadlaridan foydalanayotgani to‘g‘risidagi xabarlar bu urinishni murakkablashtirishi mumkin.
Iyul oyi boshida Moskvaga tashrif buyurgan Modi Rossiyani Nyu-Dehlining “ishonchli ittifoqchisi” va “har qanday sharoitdagi do‘sti” sifatida ta’riflab, ikki xalq o‘rtasidagi o‘nlab yillar davomidagi strategik hamkorlikni nazarda tutgan edi.
Oradan uch oycha vaqt o‘tib, bu munosabat jiddiy sinovdan o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa Kiyev Hindiston o‘q-dorisidan Rossiya bilan urushda foydalanayotgani haqidagi gaplar avjiga chiqqan bir payt.
“Reuters” axborot agentligi tomonidan olib borilgan tekshiruv shuni ko‘rsatadiki, Italiya va Chexiya sotib olgan hind snaryadlari Ukrainaga yo‘naltirilgan. Mazkur hisobot so‘nggi kunlarda, hind o‘q-dorisi Ukraina kuchlari tomonidan Rossiyaga qarshi zarba berish uchun ishlatilgani aks etgan suratlar paydo bo‘lgandan so‘ng oshkor qilindi.
Ma’lumki, Hindiston Bosh vaziri avgust oyida Kiyevda Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazdi. Bu ikki siyosatchi sentyabrda BMT tadbirlari doirasida Nyu-Yorkda ham ko‘rishdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi hech qanday qoida buzilmaganini ma’lum qildi. Kreml bunga ishonmadi va Nyu-Dehlidan qurolning oxirgi xaridori kim ekanligi haqida tekshiruv o‘tkazishni so‘radi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni payt Rossiyaga eksport qilinadigan hind elektronikasi harbiy maqsadda qo‘llanadi. Ba’zi tahlilchilar aytishicha, haqiqatan shunday bo‘lsa, Hindiston ochiq-oydin teng imkoniyat yaratuvchi sifatida har ikki tomonni ta’minlamoqda.
Ekspertlar fikricha, Ukraina hind o‘q-dorisidan foydalanishi Nyu-Dehlining Moskva bilan “sovuq urush” davridagi yaqin hamkorligi natijasida shakllangan ko‘p yillik va mustahkam munosabatini sezilarli darajada murakkablashtirmaydi. So‘nggi yigirma yil ichida bu ikki davlat oldi-berdisi yanada kuchaygan. Hisob-kitobga ko‘ra, Rossiyaga qarshi urushda ishlatilayotgan hind snaryadi Ukrainaning o‘q-doriga nisbatan ehtiyojida atigi 1 foizni tashkil qilarkan.
Avgust oyida Kiyevdan qaytgan Narendra Modi Jo Baydenga telefon qilib, nima haqda gaplashgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Putinga esa qo‘ng‘iroq qilmadi va keyinroq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Dovalni Moskvaga yubordi. Kreml Doval Putinni Modining Kiyevga tashrifi foydali bo‘lganiga ishontirishga urinayotgani aks etgan suratlarni tarqatib yubordi. Bu Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatda noqulaylik yuzaga kelganidan dalolat.
Ayni payt Kongressdagi muxolif partiya rahbarlari Modini AQSH bosimi ostida Moskva bilan tarixiy yaxshi munosabatni buzayotganlikda ayblayapti.
Nyu-York professorlari fikricha, Italiya va Chexiyaga jo‘natilgan o‘q-dori birinchi navbatda Zelenskiy qo‘shinlariga yuborilishi ishlab chiqarish muddati yana cho‘zilishi va har qanday holatda Ukraina qurol bilan ta’minlanishi yo‘lidagi harakatni ifodalaydi. Fevral oyida GFR nashrlari Berlin Ukraina uchun o‘q-dori sotib olish bo‘yicha Hindiston bilan muzokara olib borayotgani haqida xabar tarqatgan, Germaniyaning Nyu-Dehlidagi elchixonasi esa mavzuga izoh berishdan bosh tortgandi.
Ukrainaning yana bir hududi yo‘qotildi
Ushbu hafta Ukraina Donetsk viloyati janubi-g‘arbidagi Ugledardan qo‘shinlarini olib chiqdi, shahar Rossiya nazoratiga o‘tgan. hudud butunlay vayron bo‘lgan. Rossiya 2022 yil oktyabr-noyabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida Ugledarni qo‘lga olish uchun kamida ikkita yirik hujumga uringan, biroq ular shaxsiy tarkib va harbiy texnikada katta yo‘qotishlarga olib kelgan.
Shuningdek, NATOning yangi Bosh kotibi Mark Ryutte Ukrainaga tashrif buyurdi va qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da bergani aytilmoqda. U G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini saqlab qolish uchun AQSHning bo‘lajak prezidenti bilan hamkorlik qilishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, kelasi hafta Germaniyada bo‘lib o‘tadigan NATOning muhim yig‘ilishida yangi harbiy yordam masalasi muhokama qilinishi ham ma’lum qilingan. Zelenskiy Ukrainaning “g‘alaba rejasi” tafsilotlari bilan o‘rtoqlashib, Mark Ryuttedan ko‘proq qurol, xususan, uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalarga ehtiyoji borligini bildirgan.
Sardorbek Poyonov, Doniyor Yoqubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.