Braziliyadagi qurg‘oqchilik va Vetnamda ro‘y bergan “Yagi” to‘fonidan keyin qahva bozorida jiddiy o‘zgarish kuzatilmoqda.
“Yeuronews” telekanali axborot berishicha, dunyo miqyosida qahvaning 40 foizi yetishtiriladigan Braziliya uchun bu yil yog‘ingarchilik kam bo‘lgan, ob-havo o‘ta quruq kelgan. Kofe yetishtirish bo‘yicha ikkinchi yirik davlat hisoblangan Vetnamda esa “Yagi” to‘foni tufayli kelib chiqqan dahshatli suv toshqini mahsulot yetkazib berish global zanjiriga keksin qimirlatdi. Ishlab chiqarish xarajati iste’molchi cho‘ntagiga ta’sir qiladigan darajada oshdi.
Natijada aholi jon boshiga iste’mol bo‘yicha yetakchi – Yevropa qit’asida narx qimmatlashdi.
Germaniyaning “Statista” kompaniyasi hisobotida yevropaliklar yiliga 3,2 million tonna qahva ichishi, bu yer yuzidagi jami iste’molning 33 foizi ekani keltirilgan.
Favqulodda ob-havo sharoitidan, ayniqsa, arabika navi o‘sadigan hududlar jiddiy ziyon ko‘rdi. Masalan, Braziliyaning eng yirik qahva ishlab chiqaruvchi shtati va yuqori sifatli arabika doni yetishtiriladigan Minas-Jeraisda bir necha oydan beri yomg‘ir yog‘mayapti.
Braziliya arabika bozorida hukmronlik qilayotgan bo‘lsa, Vetnam eriydigan qahva tayyorlash uchun ishlatiladigan arzonroq Robusta donini ko‘p yetishtiradi. Afsuski, oy boshida mamlakatning markaziy tog‘li qismikdagi qahva yetishtiruvchi asosiy hududlarga Yagi to‘foni yopirildi.
Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, minglab gektar kofe plantatsiyasi suv ostida qolgan. Bu nafaqat hozirgi hosilga, balki kelgusi ishlab chiqarish salohiyatiga ham salmoqli zarar yetkazdi. Zero, ekin maydonlari tiklanishi uchun yillar kerak bo‘ladi. Qisqasi, hozir qahva narxi ancha qimmatlashgan.
Xalqaro qahva tashkiloti (ICO) Eksportchi va importchi mamlakatlarni birlashtirgan hukumatlararo tuzilma – Xalqaro qahva tashkiloti (ICO) bayonot berishicha, 2024 yil uchinchi choragida narx qariyb 20 foiz oshib, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi.
Ma’lumotga ko‘ra, xalqaro birjada arabika kofesi fyuchers narxi sezilarli darajada o‘sgan. Robusta navi narxida ham shunga o‘xshash holat kuzatilyapti. Mahsulot narxi 25 foiz o‘sib, bir tonnasi 2000 dollarga chiqdi.
“Rabobank” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha tahlilchisi Karlos Mera “Bloomberg” agentligiga ma’lum qilishicha, inqiroz portlarda tirbandlik yuzaga keltirib, yuk tashuvchi konteynerlar global taqchilligiga sabab bo‘lyapti. Tashvishli jihati shundaki, ayni logistika muammolari tobora kuchaymoqda. Natijada mahsulot tashish butun dunyo bo‘ylab qiyinlashyapti.
Narx oshishi ta’siri, ayniqsa, Yevropada kuchli seziladi, deyishmoqda mutaxassislar. Masalan, ko‘hna qit’aning eng yirik bozori hisoblangan Germaniyada 2022 yildan beri maydalangan qahva va kofe donasi chakana narxi o‘rtacha 10 foiz ko‘tarilgan.
Bryusselda Yevropa qahva federatsiyasi (ECF) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ko‘rsatdiki, qit’adagi qahvaxonalarning 65 foizi 2023 yil boshidan buyon narxni 5-15 foiz oshirgan.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, qimmatlashishga nafaqat qahva doni qiymati, balki boshqa qator omillar ham sabab bo‘lgan. Ya’ni, inflyatsiya sut, shakar va bir marta ishlatiladigan idish kabi boshqa zarur mahsulotlar narxiga ham ta’sir etyapti.
Xullas, dunyoning ikki yirik qahva ishlab chiqaruvchisi inqirozdan qutulishga astoydil harakat qilayotgan bo‘lsa-da, global bozor istiqboli hozircha mavhumligicha qolmoqda. Iqlim o‘zgarishi turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qatori qahva yetishtiriladigan ekin maydonini ham tobora qisqartirmoqda. Ekstremal ob-havo hodisalari esa yildan-yilga ko‘paymoqda.
Internet materiallari asosida
Saidmurod Rahimov tayyorladi.
O‘zA