Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga harakat qildi. Binobarin, Ukraina hind snaryadlaridan foydalanayotgani to‘g‘risidagi xabarlar bu urinishni murakkablashtirishi mumkin.
Iyul oyi boshida Moskvaga tashrif buyurgan Modi Rossiyani Nyu-Dehlining “ishonchli ittifoqchisi” va “har qanday sharoitdagi do‘sti” sifatida ta’riflab, ikki xalq o‘rtasidagi o‘nlab yillar davomidagi strategik hamkorlikni nazarda tutgan edi.
Oradan uch oycha vaqt o‘tib, bu munosabat jiddiy sinovdan o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa Kiyev Hindiston o‘q-dorisidan Rossiya bilan urushda foydalanayotgani haqidagi gaplar avjiga chiqqan bir payt.
“Reuters” axborot agentligi tomonidan olib borilgan tekshiruv shuni ko‘rsatadiki, Italiya va Chexiya sotib olgan hind snaryadlari Ukrainaga yo‘naltirilgan. Mazkur hisobot so‘nggi kunlarda, hind o‘q-dorisi Ukraina kuchlari tomonidan Rossiyaga qarshi zarba berish uchun ishlatilgani aks etgan suratlar paydo bo‘lgandan so‘ng oshkor qilindi.
Ma’lumki, Hindiston Bosh vaziri avgust oyida Kiyevda Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazdi. Bu ikki siyosatchi sentyabrda BMT tadbirlari doirasida Nyu Yorkda ham ko‘rishdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi biror qoida buzilganini inkor etdi, ammo Ukraina qurol-yarog‘ida hind snaryadi bor-yo‘qligiga izoh bermadi. Rossiya rasmiylari Hindistonning javobiga ishonmadi va Nyu-Dehli o‘z o‘q-dorisi Ukrainadagi urushga yetib bormasligiga ishonch hosil qilish uchun xaridorlarga bosim o‘tkazgan-o‘tkazmaganini so‘radi.
– Ukraina tomonidan Hindiston artilleriya snaryadi qo‘llangani haqida ko‘plab dalillar mavjud, – dedi rossiyalik amaldor “Al-Jazeera”ga. – Hatto, buni isbotlaydigan foto suratlar ham bor. U sotuvchini sotilgan qurolning yakuniy foydalanuvchisini kuzatish uchun tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.
“Al-Jazeera” iyun oyida Hindiston kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan raketa va portlovchi moddalar G‘azoga qarshi urush davom etayotgan va 41 mingdan ziyod odam halok bo‘lgan bir paytda Isroilga qanday jo‘natilayotganini oshkor qilgan edi.
An’anaviy ravishda yetakchi qurol yetkazib beruvchi hisoblangan Hindiston 2018-2023 yillari 3 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan. Modi davrida mamlakat o‘z mudofaa sanoatini kuchaytirishga harakat qildi. Ukraina urushi Hindiston mudofaa sanoati rivojlanishiga jiddiy turtki berdi. Uch kompaniyaning Italiya va Chexiyaga yillik eksporti qiymati 2022-2024 yillar oralig‘ida 2,8 million dollardan 135 million dollargacha ortdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni payt Rossiyaga eksport qilinadigan hind elektronikasi harbiy maqsadda qo‘llanadi. Ba’zi tahlilchilar aytishicha, haqiqatan shunday bo‘lsa, Hindiston ochiq-oydin teng imkoniyat yaratuvchi sifatida har ikki tomonni ta’minlamoqda.
Vaziyatning Rossiya bilan aloqalarga ta’siri
Ekspertlar fikricha, Ukraina hind o‘q-dorisidan foydalanishi Nyu-Dehlining Moskva bilan “sovuq urush” davridagi yaqin hamkorligi natijasida shakllangan ko‘p yillik va mustahkam munosabatini sezilarli darajada murakkablashtirmaydi. So‘nggi yigirma yil ichida bu ikki davlat oldi-berdisi yanada kuchaygan. Hisob-kitobga ko‘ra, Rossiyaga qarshi urushda ishlatilayotgan hind snaryadi Ukrainaning o‘q-doriga nisbatan ehtiyojida atigi 1 foizni tashkil qilarkan.
Avgust oyida Kiyevdan qaytgan Narendra Modi Jo Baydenga telefon qilib, nima haqda gaplashgani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Putinga esa qo‘ng‘iroq qilmadi va keyinroq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Dovalni Moskvaga yubordi. Kreml Doval Putinni Modining Kiyevga tashrifi foydali bo‘lganiga ishontirishga urinayotgani aks etgan suratlarni tarqatib yubordi. Bu Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatda noqulaylik yuzaga kelganidan dalolat.
Ayni payt Kongressdagi muxolif partiya rahbarlari Modini AQSH bosimi ostida Moskva bilan tarixiy yaxshi munosabatni buzayotganlikda ayblayapti.
– Bosh vazir Nyu-Dehlining eski do‘sti Rossiya bilan aloqasi uzilishini istagan AQSH bosimi ostida Kiyevga o‘q o‘tkazmaydigan poyezdda borishga majbur bo‘ldi, – degan Kongress rahbari Rashid Alvi “Al-Jazeera” telekanaliga. – Agar Hindiston quroli Ukrainaga borib yetayotgan bo‘lsa, bu ham AQSHning hiyla-nayrangi bilan bog‘liq.
Nyu-York professorlari fikricha, Italiya va Chexiyaga jo‘natilgan o‘q-dori birinchi navbatda Zelenskiy qo‘shinlariga yuborilishi ishlab chiqarish muddati yana cho‘zilishi va har qanday holatda Ukraina qurol bilan ta’minlanishi yo‘lidagi harakatni ifodalaydi. Bu vaziyat xuddi 2011-2012 yillari Liviyada qo‘llangan NATO bombasi va qurol-yarog‘i tugab qolgani bilan bog‘liq voqealarga o‘xshaydi.
Darvoqe, fevral oyida GFR nashrlari Berlin Ukraina uchun o‘q-dori sotib olish bo‘yicha Hindiston bilan muzokara olib borayotgani haqida xabar tarqatgan, Germaniyaning Nyu-Dehlidagi elchixonasi esa mavzuga izoh berishdan bosh tortgandi.
Hindiston Narendra Modining Zelenskiy va Putin bilan uchrashuvini ketma-ket tashkil etishga harakat qildi. Bosh vazir oktyabr oyida BRIKS sammiti qatnashish uchun yana, uch oy ichida ikkinchi marta Rossiyaga boradi.
Sardor Poyonov,
O‘zA