Bugun, 26 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida ayollar klublari o‘rtasidagi VII Osiyo chempionati dastlabki bosqichining oxirgi ikki bellashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “O‘zbechka” jamoasi “Qozog‘istonning “Do‘stlik” jamoasi bilan, Quvaytning “Al-Qurayn” jamoasi mezbonlar vakili “Qaysar” bilan kuch sinashadi.

Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, 1-o‘rinda 6 ochko jamg‘argan “Qaysar” – (3 o‘yindan keyin), 2-o‘rinda 4 ochkoga ega “Do‘stlik”, 3-o‘rinda 3 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan “O‘zbechka”, 4-o‘rinda 3 ochkoli hindlarning “Golden Iglz Bxarat” va 5-o‘rinda hali biron bir ochkoga ega bo‘la olmagan Quvaytning “Al-Qurayn” jamoasi bormoqda.

Jamoalarning joylashuvidan ko‘rinib turibdiki, bugun o‘tadigan uchrashuvlardan qat’iy nazar dastlabki to‘rt o‘rinni egallab turgan jamoalar yarim final masalasini hal qilib ulgurgan. Biroq yarim finalda qaysi jamoalar ro‘baro‘ kelishi hozircha noma’lum. Ko‘rinib turibdiki, 3-o‘rindan joy egallagan gandbolchi qizlarimiz yarim final ostonasiga yaqinlashmoqda. Ularning raqibi qaysi jamoa bo‘lishi bugun o‘tadigan uchrashuvlar so‘nggida ma’lum bo‘ladi.

Chempionatning g‘olib va sovrindorlari 29 sentyabrda aniqlanadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA