Pokistonning “Dailiy Times” onlayn nashrida O‘zbekistonning ushbu davlat bilan munosabatlariga oid maqola chop etildi.
Muallif Furqan Rao yozishicha, Markaziy Osiyo davlatlari mintaqa va jahon miqyosida ko‘plab imkoniyatlar taklif etmoqda. Hudud neft, gaz, paxta, ko‘mir, uran, oltin, mis kabi resurslarga boy. Markaziy Osiyoni imkoniyatlar mamlakati deb hisoblashga asos yetarli, chunki Janubiy Osiyo dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan yurtlar uchun muhim darvoza vazifasini o‘taydi. Ayniqas mintaqa markazida joylashgan Pokiston strategik o‘rni jihatidan juda muhim.
Qayd etilishicha, Pokiston va O‘zbekistonning boy ilmiy, madaniy tarixi bor. Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Bobur, Muhammad Iqbol kabi olim, ulamolar ushbu umumiy merosni yaratganlar. Ikki davlat bir xil din, islom madaniyati markazlariga ega. Ayni omil xalqlarimiz do‘stligini yanada mustahkamlash uchun zamindir.
Mamlakatlarimiz iqtisodiy o‘sish va rivojlanish yo‘lida ham uyg‘un odimlamoqda. 2023 yil umumiy savdo hajmi 387,1 million dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichni oshirish maqsadida qator hujjatlar imzolangan.
– 2022 yil “Sarhad” Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati Termiz shahri bilan uzoq muddatli sheriklik o‘rnatgan, – deyiladi maqolada. – 2024 yil iyun oyida ikki davlat biznes aloqalarini kengaytirish maqsadida Savdo vazirligi va Savdoni rivojlantirish boshqarmasi bilan hamkorlikda Toshkentda Pokiston – O‘zbekiston logistika forumi tashkil etildi. Tuzilma dasturida yangi imkoniyatlarni o‘rganish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni ko‘paytirish uchun qo‘shma savdo palatasi tashkil etish to‘g‘risidagi qaror ham ko‘zda tutilgan. Shu paytgachsa Pokistonning 14 kompaniyasi va O‘zbekistonning 50 dan ortiq korxonasi o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Nashr O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif SHHTning 2022 yil Samarqanddagi va 2024 yil Ostonadagi sammitlari doirasida chuqur va konstruktiv muzokaralar olib borgani, ushbu uchrashuvlar ikki davlat rahbarlari uchun o‘zaro manfaatlarni ilgari surish, mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni mustahkamlash va turli jabhalarda hamkorlikni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lgani alohida ta’kidlangan.
Maqola yakunida hududlar aro to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi, madaniy almashinuv dasturlari, xususan talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi mavjud munosabatlar ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirayotgani ta’kidlangan. Shuningdek, turizmni rivojlantirish, temir yo‘l sohasida sheriklikni davom ettirish masalalariga urg‘u berilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA