Ostona shahrida davom etayotgan «V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari»ning ortda qolgan bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, mamlakatimiz vakillari 11 ta oltin, 12 ta kumush, 9 ta bronza, jami 32 ta medal bilan umumjamoada 2-o‘rinda bormoqda.
Kecha o‘tkazilgan kurash musobaqalarida sportchilar -60, -66, -73 va kurashchi qizlar -57 kilogramm vazn toifasida g‘oliblik uchun bellashdi.
50 nafardan ortiq kurashchilar ishtirok etgan bellashuvlar keskin va murosasiz o‘tdi. Ayollar o‘rtasida mezbon mamlakat vakili To‘lganay Abeuova g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Mahoratli sportchilarimiz Murodil Murodilloyev, Otabek Hasanov, Jamshid Yo‘ldoshev o‘z vaznlarida oltin medal sohibi bo‘ldi. «V Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari»ning teatrlashtirilgan etno sport tadbirlari keng maydonda davom etmoqda.
Unda eng yaxshi hunarmandlarning ko‘rgazma-yarmarkasi, milliy folklor ustalarining an’anaviy musiqa tanlovi o‘tkazilmoqda. Milliy taomlar festivalida qozoq xalqining mehmondo‘stligi namoyish etilishi asnosida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tomonidan xalqimizning qardosh qozoq xalqiga do‘stlik va birdamlik namunasi sifatida o‘zbek milliy taomi osh tortiq etildi.
Eslatib o‘tamiz, an’ana tusini olayotgan Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining bu galgi tadbirlarida 89 ta mamlakatning 2 ming 800 nafarga yaqin sportchilari qatnashmoqda. O‘yinlar 13 sentyabrgacha davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA