Bugun, 11 sentyabr kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasining dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi hamda Olimpiadaga qur’a tashlash tadbiri tashkil etildi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, Vladimir Kramnik murabbiyligidagi Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidovdan iborat O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 1-turda Trinidad va Tobago shaxmatchilariga qarshi bahs olib boradi.
Aleksey Dreyev ustozligidagi Afruza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonovadan iborat O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ilk turda Gaiti vakillari bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ikki yil muqaddam Hindistonning Chennay shahrida o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasining amaldagi g‘olibi sifatida chempionlikni himoya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi bahslarining erkaklar guruhida 197, ayollar guruhida esa 184 ta terma jamoa ishtirok etmoqda.
11 turdan iborat olimpiada musobaqalarining g‘olib va sovrindorlari 22 sentyabrda aniqlanadi.
Shiddatli kechadigan «aql janglari»da hamyurtlarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.
T.Ro‘ziyev, O‘zA