Peruning sobiq prezidenti, kelib chiqishi yaponiyalik Alberto Fuximori uzoq davom etgan saraton kasalligidan so‘ng 86 yoshida vafot etdi. Bu ma’lumotni siyosatchining qizi Keyko tasdiqladi.

Fuximori Peruni 1990-2000 yillar oralig‘ida boshqargan. Shundan so‘ng u hokimiyatni suiste’mol qilish, korrupsiya va insoniyatga qarshi jinoyat sodir etishda ayblanib, 15 yildan ko‘p umrini panjara ortida o‘tkazgan. Siyosatchi 2023 yil kasalligi tufayli, gumanitar sababga ko‘ra ozod etilgan.

Uning davri tajovuzkor neo liberal iqtisodiy siyosat, keng miqyosli xususiylashtirish, iqtisodiyot va bandlikdagi davlat ulushi qisqarishi bilan ajralib turadi. Kongressni nazorat qilgan muxolifat qarshiligiga duch kelgani uchun Alberto davlat to‘ntarishini amalga oshirishga qaror qildi. Harbiylar bilan til biriktirib, sudlarni tarqatib yubordi, konstitutsiyani amaldan to‘xtatib qo‘ydi va sakkiz yil muvaqqat hukumatni boshqargan parlamentni ham tarqatdi.

Fuximori ko‘p yil davomida mamlakatni qo‘rquvda ushlab turgan so‘l maochilar guruhi – “Sendero Luminoso” (Yorqin yo‘l)ni deyarli yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. Afsuski, terrorizmga qarshi olib borilgan bu kurash inson huquqi jiddiy buzilishi holatlari bilan kechgani aytiladi.

Suddan keyin sobiq rahbar o‘lim otryadi laqabini olgan Peru armiyasi razvedka guruhi harakati uchun bilvosita javobgar, deb topildi. Zero, so‘l qanot terrorchilariga qarshi tezkor kurashish uchun tashkil etilgan 38 kishidan iborat “O‘lim eskadroni” nomli maxsus bo‘linma “Yorqin yo‘l” a’zolarini jismonan yo‘q qilish, o‘g‘irlash va qiynoqqa solish bilan shug‘ullangan. 1991-1992 yillardagi amaliyot tufayli ko‘plab begunoh odamlar – universitet amaldorlari, faollar qayta-qayta azob chekdi, hayotdan ko‘z yumdi. O‘lim eskadronining kamida to‘rt missiyasi keyinchalik “Qirg‘in” nomi bilan tarixga kirdi.

Sud xulosasiga ko‘ra, Fuximori oliy lavozimda ishlagan yillari mamlakat korrupsiya botqog‘iga botib, uning o‘zi kamida 200 million dollarni o‘zlashtirgan. U “Yorqin yo‘lchilar”ga qarshi urush payti sudsiz, so‘roqsiz o‘ldirishga buyruq berganlik, poraxo‘rlik, jurnalist, siyosatchi va tadbirkorlar telefonini noqonuniy eshitish hamda poraxo‘rlikda ayblangan.

Iyul oyida marhumning qizi otasi 2026 yil prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatidaligi, umrining oxirigacha siyosatda qolishini aytdi. Binobarin, ko‘rinib turibdiki, siyosiy taqdiri chigallikdan iborat sobiq prezidentning niyati amalga oshmadi.

S.Rahimov, O‘zA