“Kyodo news” yozishicha, yaponiyalik qizaloq yasagan qog‘oz turna Nyu-York davlat muzeyida 11 sentyabrda yuz bergan fojianing 23 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada namoyish etildi.

Dushanba kuni Sadako Sasaki yaratgan 1 santimetr uzunlikdagi qizil turna ramzi birinchi marta “Jahon savdo markazi: qutqarish, qayta tiklash, javob berish” galereyasida binoning kirish qismiga o‘rnatildi.

– Umid qilamizki, tashrif buyuruvchilar Sadako timsoli bilan bog‘liq xotirani yaqindan bilib olib, hodisa dahshatini his qilishadi, – deydi tarixchi Aaron Nobl.

Qog‘ozdan yasalgan bu turna ilk bor Sadakoning akasi Masaxiro Sasaki tomonidan 2007 yil 11 sentyabr kuni yodgorlik markaziga, keyinchalik memorial muzeyga taqdim etilgan.

Sadako 1945 yil 6 avgust kuni Ikkinchi jahon urushining so‘nggi bosqichida Xirosimaga tashlangan yadroviy bomba portlagan joydan atigi bir yarim kilometr masofada edi. To‘lqin zarbi uni derazadan tashqariga uloqtirib yuborgan bo‘lsa-da, qiz tirik qolgan. Radiatsiya ta’siriga uchraganda qizaloq 2 yosh edi.

Shahar ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha yil oxirigacha 140 ming odam halok bo‘lgan.

Yaponiyada “ming dona qog‘oz turna yasagan kishining har qanday orzusi amalga oshadi” degan qadim rivoyat bor. Qizaloq tirik qolish orzusida qog‘ozdan turnalar yasay boshlaydi-yu, lekin ulgurmaydi: o‘n yil o‘tib, radiatsiya oqibatida orttirilgan oqqon kasalligidan 1955 yil 25 oktyabrda vafot etadi…
Nobl ko‘rgazmaga qo‘yilgan qog‘oz turna AQSH taqdim etgan dori idishining qizil o‘ramidan yasalgani, Qizil Xoch tomonidan kasallikni davolash jarayonining bir qismi sifatida tan olinganini ta’kidlaydi.

Sadakoning jiyani, Masaxironing o‘g‘li 54 yoshli Yuji Sasaki esa ammasining xotirasi yodga olinishidan ta’sirlanganini yashirmadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA