Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Mahallabay” va “Mahalla yettiligi” ish uslublari jamiyatimiz hayotidagi ko‘plab muammolarni bartaraf etishda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Bu borada Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan ham “Mahallabay” uslubida ish olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, har bir mahalla hududiga byuro organlarining bir nafar davlat ijrochisi biriktirilib, muntazam ravishda faollar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Byuro ish yurituvidagi ijro hujjatlari davlat ijrochilariga mahallalar kesimida taqsimlangan bo‘lib, davlat ijrochilari fuqarolarga qarzdorlikni o‘z muddatida to‘lashi, aks holda, qo‘shimcha ijro yig‘imi qo‘llanilishi mumkinligi, ularning huquq va majburiyatlari haqida batafsil tushuntirishlar berib kelmoqda. Qolaversa, byuro xodimlari mahalla raisi va faollari bilan ham yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ajrashgan oilalarni yarashtirish, imkoni bo‘la turib davlat byudjeti va tegishli daftarlarga undirilishi belgilangan jarimalar va davlatga yetkazilgan zararlarni to‘lamasdan yurgan mahalladagi fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borish kabi ishlarni amalga oshirmoqda.

– Mazkur amaliyot uslubi hozirda o‘zining ijobiy samarasini berib, ijro hujjatlari va sud qarorlarining o‘z vaqtida ijrosi ta’minlanishiga erishilmoqda, – deydi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi katta inspektori Asqar Otepov. – Xususan, Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida jami 3 trillion 251 milliard so‘mlik ijro hujjatining ijrosi ta’minlandi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 27 milliard so‘m yo‘naltirildi. Voyaga yetmagan farzandlarni moddiy ta’minlash maqsadida jami 52 milliard so‘m aliment puli undirildi. Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan qarzdorlarga nisbatan ma’muriy hamda jinoyat ish qo‘zg‘atildi. Shuningdek, 1 ming 214 nafar aliment to‘lovchi qarzdor o‘tkazilgan mehnat yarmarkalari orqali ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, 1 ming 608 ta ajrashgan oilani yarashtirishga erishildi.

Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2022 yilda o‘tkazilgan majlis buyrug‘iga asosan da’vogar G.A.ning tarbiyasidagi ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining ta’minoti uchun qarzdor S.N.dan aliment undirish belgilangan edi. O‘tgan vaqt mobaynida mahalla raisi, faollari hamda Byuroning davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ajrim oldida turgan oilaning qayta tiklanishiga erishildi. Bundan so‘ng, undiruvchi sud hujjatiga asosan undirilishi belgilangan aliment pullaridan voz kechishini bildiradi va ijro harakatlari tugatildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.