Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi huzuridagi A.X.Marg‘ulon nomli arxeologiya instituti ilmiy xodimlari eramizning birinchi ming yilligi boshida Sharqiy Yevrosiyo dashtida yashagan ko‘chmanchi xalq – syanbeylarga tegishliligi taxmin qilinayotgan 13 ta qadimiy qabr topishdi. Bu haqda “Archaeology News” onlayn jurnali ma’lum qildi.

“Qozog‘iston tarixida Xun-Sarmatlar davri: fanlar aro tadqiqot, tahlil va qayta qurish” nomli yirik loyiha doirasidagi qazishma ishlari Katon-Qorag‘ay tumanidagi “Arshati” qishlog‘idan taxminan 11 kilometr joyda, “Tautekeli” hududida olib borildi.

Loyiha rahbari – yetakchi ilmiy xodim Azat Aytqali.

Qadimgi ko‘chmanchi qabila – Syanbeylar hozirgi Mo‘g‘uliston va shimoli-sharqiy Xitoyda yashashgan. “Keyingi Xanlar kitobi” tarixiy manbasida bu ulus “Sharqiy varvarlar” nomi bilan mashhur Dongxuning parchalangan guruhi sifatida ta’riflanadi. Ular ko‘pincha Vuxuan va Xiongnu kabi boshqa ko‘chmanchi guruhlar bilan ittifoq tuzib, Xan sulolasi hududiga bostirib kirgan. Jamoat asoan chorvachilik, qisman dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

E’tiborga molik jihati, Syanbeylar birinchilardan bo‘lib xonlik tuzumini o‘rnatib, o‘z davrida ijtimoiy-siyosiy tuzilmalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Natijada savodxonlik, san’at va madaniyat rivojlangan.

Har birining chuqurligi taxminan bir metr keladigan qabrlarga tosh to‘siq qo‘yilgan. Xulosada izlanuvchilar yoshi kattalar va bolalar dahmasi alohida-alohida qazilganiga e’tibor qaratishdi.

Qiziq tomoni, odamlar dafn etilgan joy yaqinidan ot suyagi ham chiqqan. Bu Syanbey marosimlarida otlarga jiddiy ahamiyat berilganini ko‘rsatadi.

Artefaktlar orasida keramika parchasi, qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar, masalan syanbeylar dafn marosimi va moddiy madaniyati haqida ma’lumot beruvchi marjonlar mavjud.

Yozma ma’lumotga ko‘ra, Syanbeylar Xun imperiyasi parchalangandan keyin O‘rta Osiyoda etnik-madaniy jarayon shakllanishi va rivojlanishida hal qiluvchi o‘rin egallagan ko‘chmanchi qabiladir. Ular mintaqadagi ko‘chmanchi jamoalar madaniy va siyosiy taraqqiyotiga turli jihatdan, masalan yangi davlat tuzilmasi shakllanishi, harbiy an’analar, ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalar rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

O‘tkir Alimov, O‘zA