Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bir guruh 100 yoshdan oshganlar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Ular safida To‘rtko‘l tumani “Miskin” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Sadat momo Abdullayeva ham bor.
Onaxon ko‘p yillar davomida qishloq xo‘jaligida ishladi. Keyinchalik davlat muassasalarida ish yuritdi. Umri davomida farzandlariga halol mehnat qilishni o‘rgatdi.
Bayram arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov onaxon xonadonida bo‘lib, mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan qutladi va “Shuhrat” medalini topshirdi. Shuningdek, tuman hokimligi, jamoat tashkilotlari tomonidan sovg‘alar berildi.
O‘z navbatida onaxon keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin, farzandlarimiz baxtli bo‘lishini tiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.