Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining yangi o‘quv binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. “Sen tabarruk dargohisan bilimning!” mavzusidagi tadbir mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida o‘tkazilganligi bilan fayzli bo‘ldi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari, idora-tashkilotlar mas’ullari, mamlakatimizning obro‘li ma’rifatparvar ziyolilari, institut professor-o‘qituvchilari hamda mehnat jamoasi, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi bilan tabrikladi.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida nishonlanayotgan eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida yurtimizdagi dastlabki ta’lim maskani – Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi bayramga munosib tuhfa bo‘lganligini ta’kidladi.
Mazkur bilim maskani nafaqat respublikada, butun Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z o‘rniga, ta’lim sohasida o‘z qadriyatlariga ega bo‘lgan muassasalardan hisoblanadi. Bugungi kungacha institut bitiruvchilari orasidan 5 nafar O‘zbekiston Qahramoni, 6 nafar akademik, ko‘pgina davlat va jamoat arboblari, ta’lim hamda xalq xo‘jaligining turli sohalari fidoyilari yetishib chiqqanligi fikrimizning isbotidir.
Davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori hamda g‘amxo‘rligi natijasida institut uchun 2 ming o‘rinlik yangi o‘quv binosi qurilishiga davlat byudjetidan 76 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shu bilan birga, moddiy-texnik bazani takomillashtirish maqsadida o‘quv binolari ta’mirlanib, yangidan laboratoriyalar, sport majmualari, talabalar turar joylarining qurilayotganligi Orolbo‘yidagi dastlabki ta’lim muassasasining 90 yillik to‘yiga, shu bilan birga, mazkur ta’lim muassasasiga ismi berilgan buyuk shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
– Bugungi kunda institutda 17 ming nafarga yaqin talaba ta’lim olayotgan bo‘lib, ularning mamlakatimiz kelajagiga xizmat qiladigan, Uchinchi Renessansning asosini yaratadigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun mana shunday zamonaviy tipda qurib bitkazilgan o‘quv binolarining, bu yerda yaratilgan sharoitlarning ahamiyati katta. So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’limga qaratilayotgan e’tibor natijasida institutning moddiy-texnik bazasi takomillashib bormoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan kuch olib, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni yetkazib chiqarishga bor imkoniyatlardan foydalanamiz, – deydi institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Quvondiq Qodirov.
Tadbir ishtirokchilari yangi o‘quv binosida talabalarning tahsil olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.