Qorao‘zak tumanida “Qoraqalpog‘iston agro klaster” jamiyati tomonidan tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimi o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayrami hamda yangi korxonaning ishga tushirilishi munosabati bilan tabrikladi.

Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan farmon va qarorlar hududda tadbirkorlikni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Albatta, ularga qulay sharoitlar yaratish borasidagi bunday islohotlar ijobiy samarasini berib, yangi korxonalarning ishga tushirilishiga asos bo‘lmoqda.

Loyiha qiymati 14 milliard so‘m bo‘lgan mazkur korxonaning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi bilan yiliga 2 million dona tayyor kiyim-kechak ishlab chiqariladi. Shuningdek, 400 ta  ish o‘rni yaratiladi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.