Tadbirkorlik sub’ektlarida quyosh panellarini o‘rnatish orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish hamda iste’moldan ortgan qismini tarmoqqa uzatish orqali qo‘shimcha daromad qilish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan ishchi guruh vakillari Nukus shahridagi quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi korxonada bo‘ldi. Mamlakatimizning quyosh panellariga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida joriy yilning iyun oyida 10 million dollardan ziyod mablag‘ evaziga yangi loyiha ishga tushirildi. O‘tgan qisqa vaqt davomida korxona tomonidan 600 kVt quvvatli quyosh panellari ishlab chiqarishga erishildi. Korxonaning o‘ziga ham 125 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi.
Ishchi guruh a’zolari, shuningdek, Nukus shahrida joylashgan aksiyadorlik tijorat banklardan biriga o‘rnatilgan 64 kVt, maishiy texnika ishlab chiqarish korxonasiga o‘rnatilgan 41 kVt quvvatdagi quyosh panellarining ishchi holati bilan tanishdi. Korxonaga quyosh panellari o‘rnatish hajmini yanada oshirish va bu orqali energiya tejamkorligiga erishish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ekologik toza, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishning imkoniyatlari targ‘ib qilinishi natijasida Xo‘jayli tumanida joylashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga 10 kVt quyosh panellari o‘rnatiladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.