Gavana shahrida boks bo‘yicha «IBA Chempionlar oqshomi»da Kuba terma jamoasi va jahon terma jamoasi ro‘baro‘ keldi.
Mazkur boks oqshomida jahon terma jamoasi tarkibida o‘zbekistonlik ikki nafar bokschi ringga ko‘tarildi.
Hamyurtimiz Madiyor Saidrahimov boks kechasining markaziy jangida ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, besh karra jahon chempioni Xulio Sezar la Krusga qarshi jang o‘tkazdi. Jang oldidan har ikki davlat madhiyalari yangradi. O‘n raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi. Hakamlar qarori bilan g‘alaba mezbon bokschiga taqdim etildi.
Iste’dodli bokschimiz Mujibillo Tursunov 6 raundlik jangda uch karra Olimpiya o‘yinlari bronza medali sovrindori, uch karra jahon chempioni Lasaro Alvares bilan kuch sinashdi va ochkolar hisobida imkoniyatni boy berdi.
Har ikki bokschimiz ishtirokidagi janglarda hakamlar qarori asosida raqiblariga g‘alaba taqdim etilgan bo‘lsada, ular sharafiga Gavana shahrida madhiyamiz yangradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA