Qaror va ijro
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yilning shu paytiga qadar davlatimiz rahbarining 2022 yil 8 fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida paxta va g‘alla yetishtiruvchi sub’ektlarda 2 million gektar sug‘oriladigan yer maydonining 10 foiziga almashlab ekish ishlari ta’minlandi.
Belgilangan 206,3 ming gektar maydonning 161,3 ming gektariga almashlab beda va boshqa chorva ozuqa ekinlari ekildi.
Shuningdek, fermer xo‘jaliklaridagi jami 430,2 ming gektar asosiy maydonlarining 33,2 ming gektariga yangi beda (87,7 ming gektar eski beda, 156,8 ming gektar chorva ozuqasi uchun g‘alla mavjud) 6,5 ming gektariga xashaki lavlagi, 32,7 ming gektariga oqjo‘xori, 82 ming gektariga silos uchun makkajo‘xori va 28 ming gektariga don uchun makkajo‘xori ekildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan 63 ta chorvachilik sub’ekti 1156 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan, 520 gektar yomg‘irlatib, 636 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etdi.
Kelgusi qishlovni betalofat o‘tkazish maqsadida barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 21,8 million tonna dag‘al xashak, shundan, 6,7 million tonna somon hamda 3,8 million tonna shirali ozuqa jamg‘arildi.
Takroriy ekin uchun g‘alladan bo‘shagan 244,4 ming gektar maydonga silos uchun makkajo‘xori ekildi.
Bundan tashqari, 92,5 ming gektar maydonga kuzgi oraliq ekinlar ekiladi.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA