Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotidan so‘ng bojxona organlari tomonidan Orolbo‘yining barcha hududlarida turli sayyor uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.
Jumladan, Bojxona qo‘mitasi mutasaddilari Nukus shahridan 80 kilometr olisda joylashgan Qorao‘zak tumanidagi tog‘ jinslaridan vermikulit ajratib olishga ixtisoslashgan korxonada bo‘ldi. Qoratov tizmalarida joylashgan mazkur kondan qazib olinayotgan vermikulitdan qurilishda issiq-sovuqni o‘tkazmaydigan izolyator sifatida, qishloq xo‘jaligida esa tuproq namligini saqlovchi vosita sifatida keng foydalaniladi.
E’tiborli tomoni shundaki, ishlab chiqarish jarayonida foydalanilayotgan texnologiyalar mahalliy muhandislar tomonidan loyihalashtirilgan. Buning natijasida, xorijdan valyuta sarflab, asbob-uskunalar olib kelishga ham hojat qolmagan.
Qoraqalpog‘istonda yer qa’ridan olinayotgan vermikulit ichki bozordan tashqari Turkiya, Ukraina, Belarus va Rossiyaga eksport qilinmoqda. So‘nggi uch yilda xorijga eksport qilingan tayyor mahsulot hajmi salkam 1 ming 800 tonnani tashkil qildi.
Uchrashuv davomida mahsulotga qo‘shimcha qiymat kiritish, eksport geografiyasini kengaytirishga doir masalalar atroflicha muhokama qilindi. Mazkur jarayonlarda bojxona organlari tomonidan har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.