Nukusda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan YUNICYeFning “Qoraqalpog‘iston Respublikasining to‘rtta tumanida iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish va eng ko‘p jabrlangan jamoalarni xavfsiz suv, kanalizatsiya, gigiyena va sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan ta’minlash” loyihasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamda FAOning “Orolbo‘yi mintaqasidagi aholining ekologik muammolarni havo sifati, yer va suv resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlar orqali hal qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish” qo‘shma loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.

Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi Orolbo‘yidagi jiddiy ekologik va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni hal etishda birgalikdagi sa’y-harakatlarda muhim bosqich bo‘ldi.

YUNICYeF loyihasi Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Bo‘zatov va Taxtako‘pir tumanlaridagi 15 ming nafardan ortiq aholining toza ichimlik suvi va iqlimga chidamli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan. Shuningdek, u Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va o‘nta mahallada ma’lumotlar asosidagi, iqlimga chidamli suv, sanitariya va gigiyena yechimlari monitoringi tizimini mustahkamlash, shuningdek, 5 ming 100 nafardan ortiq bola va o‘smirni inklyuziv iqlimga chidamliligi bo‘yicha bilimini oshirishdan iborat.

Hozirgi dunyoda suv, gigiyena, sanitariya xizmatlari, shuningdek, maktablar va sog‘liqni saqlash markazlari iqlim o‘zgarishiga chidamli bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. YUNICYeFning ushbu dasturi o‘nta chekka hududda suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va suv tarmog‘ini qurishni nazarda tutadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamda FAOning qo‘shma loyihasi mahalliy hamkorlar va hamjamiyatlarga ekologik xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan. U havo, yer va suvni boshqarish bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqish, jamiyatlarning iqlim o‘zgarishiga moslashishi va uni yumshata olishini ta’minlashga qaratilgan. Bundan tashqari, loyiha doirasida mintaqada suvni tozalash, o‘rmonlarni tiklash va tuproqni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Dastur davom etayotgan Orol dengizi inqirozidan kelib chiqadigan Orolbo‘yi mintaqasida ko‘plab xavfsizlik muammolarini hal qilish uchun mo‘ljallangan. Ushbu yondashuv inson xavfsizligi konsepsiyasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, atrof-muhit, oziq-ovqat va salomatlik xavfsizligi masalalarini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, BMTning “Insonga yo‘naltirilgan, iqlim sharoitiga chidamli birlamchi tibbiy yordam va suv, sog‘liqni saqlash muassasalari va maktablarda sanitariya va gigiyena amaliyoti uchun poydevor qo‘yish” qo‘shma dasturi Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot tumanlari va Nukus shahridagi sog‘liqni saqlash sohasida yaxshi natijalarga erishdi. Ushbu dasturning asosiy yutuqlari qatoriga innovatsion moliyalashtirish mexanizmiga ega bo‘lgan yangi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami modeli joriy etildi. Bu sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamladi va umumiy tibbiy qamrovga asos soldi. 826 nafardan ortiq tibbiyot xodimi o‘z malakasini oshirib, 250 ming nafarga yaqin kishi ularning xizmatidan foydalandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2020-2024 yillarni qamrab olgan bachadon bo‘yni saratoni skriningi loyihasi ushbu kasallikni erta aniqlash va davolashni takomillashtirishga qaratilgan edi. 35-55 yoshdagi jami 56 ming nafar ayol sinovdan o‘tkazildi. Loyiha doirasida 500 nafardan ortiq tibbiyot xodimi o‘qitildi va 8 ta odam papilloma virusi (OPV) test laboratoriyasini tashkil etdi. Bu esa diagnostika va davolash imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi.  Ushbu kasallik aniqlangan 1 ming 23 nafar ayolni o‘z vaqtida davolash boshlanib,  o‘limga olib keladigan kasallikning rivojlanish oldi olindi. Keng qamrovli skrining dasturi 2030 yilga borib 3 ming 265 nafar kishining hayotini saqlab qolish va sog‘liqni saqlash xarajatlarini 29 million AQSH dollariga kamaytirish imkoniyatini beradi.

Ushbu tashabbuslarning muvaffaqiyati YUNICYeF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, UNFPA, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi, Qoraqalpoq davlat universiteti, Global yashil rivojlanish instituti kabi hamkorlarning bebaho ko‘magi va hamkorligi samarasidir.

2018 yil oxirida tashkil etilganidan beri Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast fondi 16 million AQSH dollari miqdoridagi to‘qqizta qo‘shma dasturni qo‘llab-quvvatladi va 294 ming nafardan ortiq kishi, jumladan, yoshlar, ayollar va keksalar uchun foydali bo‘ldi. Ushbu dasturlar qishloq joylarini barqaror rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orolning qurigan tubida bioxilma-xillikni tiklash, iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, Qoraqalpog‘istonda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga xizmat qildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.