– Tadbirkor, Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning Fransiyada qo‘lga olinishi hech qanday siyosiy mazmunga ega emas, – deb yozdi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron. – Bu ish hali yakunlanmagan tergov doirasida amalga oshirilgan.
Shuningdek, barcha qarorlar sudyalar tomonidan qabul qilinadi. Adliya tizimi qonun hurmat qilinishini ta’minlashga mas’ul mustaqil tizim. Fransiya so‘z erkinligini cheklamaslikka intiladi va texnologik innovatsiyaga ijobiy munosabatda. Har qanday huquqiy davlatda ijtimoiy tarmoq yoki real hayotdagi har qanday erkinlik qonun bilan belgilangan doirada ta’minlanadi va fuqarolarning asosiy huquqini himoya qilish maqsadini ko‘zlaydi.
Durov 24 avgust kuni shaxsiy samolyotida Parijning Le Burje aeroportiga qo‘nayotganda ushlangan.
TF1 telekanali xabariga ko‘ra, mazkur voqea Fransiyada olib borilgan tegishli tergov jarayoni bilan bog‘liq. Tergovchilar fikricha, “Telegram” ma’muriyati va mamlakat rasmiylari o‘rtasida moderatsiya yo‘qligi va yetarli darajada hamkorlik qilinmagani giyohvand moddalar savdosi, pul yuvish, firibgarlik kabi holatlarga qarshi kurashni murakkablashtiradi.