Nukus shahridagi Ibroyim Yusupov nomli ijod maktabida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturi loyihasining jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.

Unda partiya faollari, xayrixohlar, turli soha mutaxassislari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Muloqotda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov yig‘ilganlarni yangi Saylovoldi dasturi loyihasi konsepsiyasi bilan tanishtirdi.

Dasturda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish, malakali tibbiy xizmat, mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirish kabi 10 ta yo‘nalishda 100 ga yaqin maqsad belgilab olinmoqda. Misol uchun, pensiya tizimini isloh qilish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki jarima bo‘yicha tushumlarni to‘liqligicha davlat byudjetiga yo‘naltirish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga xorijiy investorlar bilan bir xil imtiyozlar berish masalalari prinsipial ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shuningdek, kredit mexanizmlarini ijtimoiy adolat prinsipiga muvofiqlashtirish, garovga qo‘yilgan mulkni kredit olgan shaxsga sotish imkonini berish bilan bilan bog‘liq g‘oya kam daromadli fuqarolar uchun muhim ahamiyatga ega ekani bildirildi. Muhim ijtimoiy qarorlar qabul qilishda ijro hokimiyatining siyosiy partiyalar bilan maslahatlashish institutini joriy qilish masalasi deputatlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokamada ishtirokchilar ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini kuchaytirish, ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflarini bildirishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.