Ma’lumki, 26-30 avgust kunlari YUNESCO shafeligida Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi.

An’anaga muvofiq, bu gal ham yurtimizga ko‘plab nufuzli xorijiy mehmonlar qatori dunyo axborot makonida o‘z o‘rniga ega chet el OAV vakillari ham tashrif buyurmoqda. Ulardan biri – Qatar Davlati yetakchi bosma nashri – “Ash-Sharq” gazetasi bosh muharriri Jobir Salim Al-Harmiy bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga tashrif buyurdi.

Muloqot avvalida O‘zbekiston Ko‘rfaz Arab mamlakatlari, jumladan Qatar bilan o‘zaro strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatni izchil davom ettirayotgani ta’kidlandi. Mehmonga yurtimiz media makonida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbek va arab xalqlari o‘rtasidagi mushtarak munosabat, ayniqsa, turizm, korrupsiyaga qarshi kurash, iqtisodiyot kabi muhim sohalarda jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.

Jobir Salim Al-Harmiy “Ash-Sharq” O‘zA bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, o‘zaro aloqalarni zamon talabi darajasida takomillashtirishni nazarda tutuvchi memorandum loyihasini ishlab chiqish va imzolash, kelishuv doirasida axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, xodimlar tajriba-malakasini tizimli oshirib borishga tayyorligini bildirdi.

– O‘zbekistonga ilk bor tashrifimdan birinchi kundanoq iliq taassurot uyg‘ondi, – dedi Jobir Salim Al-Harmiy. – Ayni payt Qatar va O‘zbekiston munosabatlari jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, har ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro tashriflari natijasida aloqalarimiz yanada mustahkamlanyapti. Bizni umumiy madaniyat, din, tarix va adabiyot birlashtirib turadi. Yurtingizning buyuk siymolari bo‘lmish Imom Al-Buxoriy, Imom Al-Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy kabi allomalarni qatarliklar yaxshi bilishadi. Mamlakatlarimizdagi muhim voqealarga oid axborot almashishda manba xolis va ishonchli bo‘lishi juda muhim. Shu ma’noda, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan sheriklik yo‘lga qo‘yilayotgani ayni muddao. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillikning 33 yilligi bayrami bilan samimiy tabriklayman. Har bir o‘zbek xonadoniga qut-baraka, farovonlik, yurtingizga yanada obodlik tilayman.

Ma’lumot o‘rnida: 1987 yil tashkil etilgan, qarorgohi Doha shahrida joylashgan “Ash-Sharq” gazetasi Qatarda yetakchi nashr hisoblanib, mahalliy va xalqaro miqyosdagi voqeliklarni professional, xolis yoritishi bilan ajralib turadi. Arab tilida chiqadigan bu nashr 2011 yil 50 ta eng kuchli onlayn arab gazetalaridan biri sifatida “Forbes” ro‘yxatiga kiritilgan. Gazeta veb-saytiga oyiga 3 milliondan ko‘p foydalanuvchi murojaat qiladi. Fors ko‘rfazi mintaqasidagi obunachilari soni 1 milliarddan oshgan.

O‘tkir Alimov, Alimurod Mamadaminov (surat), Doniyor Yoqubov (video), O‘zA