Uchinchi yo‘nalish – ichki bozorda teng raqobat muhitini yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish.
Mamlakatimizning yetti oylik eksporti 13 foizga o‘sib, 10 milliard dollardan oshdi, avval eksport qilmagan 1 ming 610 ta korxona tashqi bozorlarga chiqdi. Prezident mahalliy korxonalarni tashqi bozorga chiqishini qo‘llab-quvvatlash izchil davom ettirilishini ta’kidladi.
Xususan, Jahon savdo tashkilotiga 2026 yilda a’zo bo‘lish bo‘yicha katta qadamlar qo‘yilmoqda.
–Ushbu tashkilotga kirish – chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.
Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun, tashkilot a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazayapmiz.
Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA