O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Samarqandga keldi. Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi.
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi. Qur’on tilovat qilindi.
Prezidentimiz bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda.
Prezidentimiz 2017-yil 14-aprel kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu maqbara loyihasi bilan tanishib, uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosda bu yerda ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maqbara marmar va granitdan bunyod etilgan, Qur’on oyatlari bilan bezatilgan. Ayvon peshtoqlariga Islom Karimovning hikmatli so‘zlari o‘zbek, ingliz va arab tillarida bitilgan. Majmua atrofi kengaytirilib, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Birinchi Prezidentimiz maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘unlik kasb etgan.
Shavkat Mirziyoyev majmuadagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakuniga yetkazish, ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, qabristonni obod qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.