O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 avgust kuni sanoat korxonalari, IT va ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘zdan kechirish, mahallalarda aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini sanoat salohiyati bilan tanishishdan boshladi.
“Nukus Elestroapparat” qo‘shma korxonasi 2017 yilda ishga tushgan, unda elektr energiyasi tarmog‘i uchun kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi. Joriy yil iyunda bu yerda 10 million dollardan ziyod mablag‘ evaziga quyosh panellarini yasash loyihasi ishga tushirildi. Uskunalar Koreya Respublikasidan keltirib o‘rnatildi. Ishlab chiqarish jarayoni 100 foiz avtomatlashtirilgan. Loyihaning yillik quvvati 273 ming dona.
Bu mamlakatimizda muqobil energetikadan foydalanish borasidagi ishlarda qo‘l keladi. Hozirgacha turli inshoot va xonadonlarda 600 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Mazkur jarayon hali davom etadi.
Qo‘shma korxona ichki bozorda talab yuqori mahsulotni mahalliylashtirish bilan birga 4 million dollarlik eksport imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. 70 kishi ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbari ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga bunday korxonalarni ko‘paytirish, ularda bozor talabi yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
Zavodning o‘zida ham 125 kilovatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Undan olingan elektr ichki ehtiyojlar uchun ishlatiladi, ortiqchasi hududiy elektr tarmog‘iga sotiladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Shuningdek, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda. Umuman, 2030 yilgacha energetika balansida qayta tiklanuvchi quvvatlar ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Oxirgi yetti yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 17 trillion 800 milliard so‘mlik 6 ming 784 ta loyiha amalga oshirilgan. Ularning natijasida 56 mingta ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda 2 milliard 815 million dollarlik eksport qilingan. Bu yil respublikada umumiy qiymati 874 million dollarlik 470 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu izchil davom ettirilib, Qoraqalpog‘istonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb 1 milliard 800 million dollarlik 10 ta loyiha davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.
Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda Nukus shahrida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, Ispaniya investitsiyasi ishtirokida Qorao‘zak tumanida quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, germaniyalik investorlar tomonidan Nukus tumanida misni qayta ishlash va kabellar ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirilgan.
Mazkur 124 ta loyiha natijasida 20 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari ishbilarmonlarga har tomonlama madadkor bo‘lib, loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.
Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy rivoji haqida so‘zladi.
Buning uchun hududda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. So‘nggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy qilingan. Qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham yaratib berilmoqda.
Imtiyozlar hisobiga o‘tgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qolgan.
Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ekti paydo bo‘lgan.
Birgina o‘tgan yilda 345 million dollarlik 1 ming 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida 730 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Qoraqalpog‘istonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham ko‘payib bormoqda. 2017 yilda 73 ta xorijiy va qo‘shma korxona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 175 taga yetdi.
Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025-2028 yillarda bosqichma- bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va byudjetga 500 milliard so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi.
Davlatimiz rahbari qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualarning ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Yurtimizdagi iqtisodiy o‘sish sur’atlari energetika sohasida ulkan vazifalarni qo‘ymoqda.
So‘nggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qo‘shimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining hissasi katta ekanini ta’kidladi. Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor.
2030 yilga qadar Qoraqalpog‘istonda 11 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar to‘liq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.
Quvvat uzatishda barqarorlikni ta’minlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.
19 avgust kuni ushbu loyihalarning bir nechtasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi. Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qo‘ng‘irot tumanida quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi. Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.
Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi.
Ahamiyatlisi, bu bilan bir paytda Qo‘ng‘irot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish bo‘yicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 000 megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120 ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 100 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi. Bundan tashqari, Nukus tumanida 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Shahar va tumanlarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari ham e’tiborda. Shu kunlarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Marosimda ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.
Davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi. Barchani mamlakatimiz iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega ushbu loyihalar bilan tabrikladi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpog‘iston filialini borib ko‘rdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanmoqda. Yetti yil oldin yurtimizda IT kompaniyalari soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanayapti.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida shu sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va 300 ming nafar yoshni ish bilan band qilish rejalashtirilgan. Chekka hududlarda ham IT-shaharchalar tashkil etishga kirishilgan.
Xususan, Qoraqalpog‘istonda IT-park rezidentlari soni o‘tgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108 tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan. 2024 yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga ko‘paydi.
Ta’lim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari o‘qitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali 2023 yilda 18 ming nafar yosh o‘qitilgan bo‘lsa, 2024 yilning shu kuniga qadar 29 ming nafar yosh o‘qitildi. Joriy yil 33 mingdan ziyod yoshga ta’lim berish rejalashtirilgan.
Bu natijalar yaratilgan sharoit in’ikosi. Davlatimiz rahbari 2021 yil hududga tashrifi chog‘ida IT-park uchun yangi bino qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shunga muvofiq, Nukus shahri markazida 17 qavatli zamonaviy bino bunyod etildi. Bu yerda IT-ta’lim va kovarking markazlari, ofislar, konferensiya zali va xizmat xonalari mavjud. Shuningdek, binoga IT-park rezidentlari, sohada faoliyat olib borayotgan investorlar, chet ellik autsorsing korxonalar joylashtiriladi. Ilgari ikki qavatli binoda ochilgan IT-park bugun muhtasham majmuaga ko‘chgani rejalar ulkanligidan darak beradi.
Prezidentimizga binoda bajarilgan ishlar, sohadagi natijalar va rejalar haqida axborot berildi.
Masalan, avval AQSHning Amazon kompaniyasida ishlagan qoraqalpog‘istonlik Beknazar Abdikamalov yurtiga qaytib, o‘zining HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilgan. Davlatimiz rahbari u bilan suhbatlashib, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikrlarini tinglab, takliflarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
– Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Binoda UZINFOCOM markazining filiali ham joylashgan. Markaz hudud yoshlarini uStudy dasturi orqali zamonaviy kasblarga o‘qitadi. Malakasi oshirilgan kadrlar o‘z sohasi bo‘yicha zamonaviy kompaniyalarga ishga joylashadi.
Prezident barcha hududlarda IT-parklar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida shunday ko‘p qavatli binolar qurish zarurligini ta’kidladi.
– Ularda muhit shunday bo‘lishi kerakki, yoshlar o‘zini erkin his qilsin. Ovqatlanish, dam olish, sport va boshqa xizmatlar mujassam bo‘lsin. Binolar shaharlar markazida, yoshlarga qulay joyda bo‘lgani ma’qul, – dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur IT-parkni Qoraqalpog‘iston tumanlaridagi maktablar bilan bog‘lab, sohaga qiziqqan yoshlarni o‘qitish, kelgusida yuqori daromadli ishlarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga ham bordi.
Bu markaz ilgari eski binoda joylashgan edi, bir xonada 4-5 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Zamonaviy uskunalar uchun mos kelmay qolgandi.
O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda. Xususan, shu yil fevralda Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istonda “noldan” qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot bo‘limlari joylashgan. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. 130 o‘rinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga mo‘ljallangan, alohida sanitar xonalari bor.
Bemor hayotini saqlab qolishda vaqt asosiy o‘rinda turadi. Shu bois markazda bemorlarni kasallik darajasi bo‘yicha saralaydigan triaj bo‘limi tashkil etilgan. Ya’ni murojaat qilgan inson vaqt yo‘qotib, sarson bo‘lib yurmaydi. Bu yerga shifokorning o‘zi tushib, bemorni qaysi sohada davolash zarurligi bo‘yicha xulosa qiladi va kerakli bo‘limlarga yo‘naltiriladi.
Oldin murojaat qilgan bemorlarning aksariyati shifoxonada yotqizilgan. Endilikda muayyan tibbiy muolajalardan keyin, bemorning holatiga qarab yashash joyida ambulator davolanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ilgari yurak-qon tomir kasalliklari bilan murojaat qilgan bemorlarga oddiy tekshirish usullarida yordam ko‘rsatilgan. Endi yangi keltirilgan zamonaviy angiografiya uskunasi insonlar hayotini saqlab qolishda yaxshi samara bermoqda. O‘lim va nogironlikka olib kelish holatlari keskin kamaydi.
Natijada bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning o‘zida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ilk marotaba sun’iy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.
Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qo‘yish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qo‘shilmoqda.
Davlatimiz rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyotni o‘qish bilan bog‘lash masalalariga e’tibor qaratdi.
– Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar o‘z ixtisosligi bo‘yicha bu yerda malaka oshirib, o‘z tajribasini hududlarda joriy etishi muhimligi ta’kidlandi.
Qayd etish joiz, Qoraqalpog‘istonda 2017-2024 yillarda: “Bir qadam” tamoyili asosida 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, yiliga 11 ming nafar bemorga tumanlarning o‘zida shoshilinch va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Kegeyli tumanidagi Juzimbag‘ mahallasida bo‘ldi.
Bu yerda 4 ming 300 nafarga yaqin aholi yashaydi. Uchta maktab, oltita bog‘cha, yetmishdan ortiq tadbirkorlik sub’ektida aholi doimiy ish bilan band.
Chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan bu hududda 990 ta xonadonning tomorqasi bor. Sayxunobod tajribasi asosida mahalliy imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, dehqonchilik uchun 174 nafar fuqaroga 128 gektardan ortiq yer uzoq muddatga ajratilgan. Ular dehqonchilik qilib, ro‘zg‘or uchun qo‘shimcha daromad qilmoqda. Issiqxona tashkil etib, yiliga ikki marta hosil olishni yo‘lga qo‘yayotgan oilalar soni ko‘paymoqda.
Mahallada “Orol Agro” korxonasi tomonidan “Yoshlar uzum bog‘i” tashkil etilgan. Unda 40 kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berilgan.
Voish usulida parvarish qilinayotgan bu tokzorning qator oralaridan ham omilkorlik bilan foydalanilmoqda. Turli sabzavotlar yetishtirilib, 400 tonnagacha mahsulot olinmoqda. Toklar to‘liq hosilga kirishi bilan yiliga qiymati 4 milliard so‘mlik 200 tonnaga yaqin mahsulot olinishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda dehqonchilik qilayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi.
Ular so‘nggi yillardagi imkoniyatlardan foydalanib, dehqonchilik uchun yer olgani, poliz ekinlari va ko‘katlar yetishtirib, daromad topayotganini aytdi. Reja va niyatlari haqida gapirdi.
– Sizlarning ishli bo‘lganingizni, ko‘zingizdagi ishonchni ko‘rib, xursand bo‘ldim. O‘zi mening eng katta maqsadim shu – xalqimni rozi qilish, baxtli ko‘rish. Qilayotgan ishlarimiz to‘g‘ri, faqat uni kengaytirishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yoshlarning takliflari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun sovutkichli ombor qurish, ehtiyojmand yigit-qizlarning to‘ylari va shartnoma to‘lovlariga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu kuni Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Barcha hududlar qatori Qoraqalpog‘istonda ham drayver yo‘nalishlarda investitsiya, ish o‘rni, eksportni ko‘paytirish choralari ko‘rilmoqda. O‘tgan davrda Qoraqalpog‘istonda 1,4 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya evaziga 150 ta loyiha ishga tushgan. Tadbirkorlar 12 mingdan 25 mingga, tijorat maydonlari 1,5 million kvadrat metrga ko‘payib, 212 ming kishi doimiy ishga joylashgan.
Biznes va investitsiya uchun qulay muhit natijasida tadbirkorlik rivojlanayapti. Masalan, faoliyatini mikroloyihadan boshlagan 13 ming tadbirkor kichik biznesga, yana 351 tasi o‘rta biznesga o‘tdi. Yillik “aylanmasi” 100 milliard so‘mdan yuqori tadbirkorlar 43 taga yetdi.
Ijtimoiy infratuzilma natijasini odamlar o‘z hayotida ko‘rmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovi 28 foizdan 84 foizga oshdi. Yangi 21 ta maktab qurildi, yana 243 tasi to‘liq ta’mirlandi.
Yaqin-yaqingacha o‘z uyiga mulk huquqi bo‘lmagani sababli 100 mingdan ortiq aholi qiynalib kelayotgan edi. Bu muammo hal bo‘lib, 27 mingta xonadonda yashovchi fuqarolarning uy-joyiga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etildi.
Qoraqalpog‘istonda Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinib, 452 ta mahallaning har biriga 500 million so‘mdan ajratildi. Natijada, 316 kilometr ichki yo‘l ta’mirlandi, 151 kilometr elektr tarmog‘i yangilandi, 55 kilometr gaz va 112 kilometr suv tarmog‘i o‘tkazildi.
Osiyo taraqqiyoti bankidan jalb qilingan 274 million dollar hisobidan “Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘nalishidagi 240 kilometr magistral yo‘l yaqin kunlarda ishga tushadi.
Orol bo‘yidagi iqlim sharoitini yaxshilash bo‘yicha ham juda katta dastur boshlangan. So‘nggi yetti yilda Orol dengizining qurigan tubida 1,9 million gektarda yashil qoplamali o‘rmonzorlar barpo etildi. Ekotizimni yaxshilash, sho‘rlangan, suvsiz muhitda yangi nav va urug‘larni yaratish uchun Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi.
Yaqinda qishloq xo‘jaligini iqlimga moslashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Orol bo‘yida iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatishga 80 million dollar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar 100 ming gektar yaylovni degradatsiyadan chiqarish, tuproq-iqlimga mos kunjut va qovun navlarini yetishtirish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlashga beriladi.
Shu bilan birga, foydalanilmagan imkoniyatlar ham ko‘p. Ayrim investitsiya loyihalari ijrosi sust. Yil boshidan beri Qoraqalpog‘istondagi 19 ming korxona 350 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalangan. Natijada tadbirkorlar “soya”dan chiqqani, faoliyatini kengaytirgani hisobiga 4 ming aholi ishli bo‘ldi. Lekin, imtiyoz olgan 6 ming korxonada ish o‘rinlari kamaygan.
Aslida, Qoraqalpog‘istonda biznes uchun yaratilgan imkoniyat va sharoit boshqa birorta viloyatda yo‘q. Bu imkoniyatlar loyiha va ish o‘rniga aylantirilganida, ko‘rsatkichlar 5-10 karra yuqori bo‘lardi.
Shu sababli yarim yil yakunlari bo‘yicha Qorao‘zak va Taxiatosh hokimlari ishdan olingan. Amudaryo, Beruniy, Bo‘zatov, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, To‘rtko‘l, Xo‘jayli va Chimboy tuman hokimlariga intizomiy jazo qo‘llangan.
Yig‘ilishda respublikadagi ulkan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, yil boshidan beri Qoraqalpog‘istonga 1 million 300 ming sayyoh kelgan. Lekin, mehmonxona o‘rinlari kam. Agar yer berilsa, tadbirkorlar zamonaviy mehmonxona va kongress xoll qurish istagini bildirgan.
Nukus shahrida joylashgan “Achchiqko‘l” atrofidagi 20 gektarda turar joy, zamonaviy mehmonxona va dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin. Do‘stlik va Kegeyli kanallari, Xo‘jaylidagi “Tasli jap” va “Shirin jap” kanallari bo‘yida savdo va ko‘ngilochar maskan tashkil etsa bo‘ladi. Amudaryo, To‘rtko‘l, Beruniyda ham turistlarni jalb qilish bo‘yicha juda katta salohiyat bor.
“G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘li bo‘yidagi 140 gektar yerda 300 ta savdo va servis ob’ektini joylashtirsa bo‘ladi. Ellikqal’ada zamonaviy bozor qurilsa, savdo va xizmatlar ko‘payadi.
O‘tgan yili Beruniy tumanidan 22 gektar yer ajratilib, Urgut erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytirilgan edi. Lekin, shu paytgacha bu yerda birorta ham loyiha qilinmagan. Vaholanki, bu hududda barcha infratuzilma bor, temir yo‘l ham o‘tgan. Xom ashyo zaxiralari ham yonginasida joylashgan.
Qoraqalpog‘istondagi yer ajratishni soddalashgan tizimi iqtisodiy zona hududi uchun ham joriy qilinsa, bu yerda 320 million dollarlik loyihalarni joylashtirsa bo‘ladi.
Investorlar Qorao‘zakdagi Qoybaq mahallasidagi 500 gektarda qo‘ychilikka ixtisoslashgan klasterni ishga tushirish uchun 10 million dollar sarmoya kiritishga tayyor. Bu klasterda 10 ming bosh qo‘y boqilib, 100 tonna go‘sht yetishtiriladi.
Davlatimiz rahbari bunday imkoniyatlarni ishga solib, iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Qoraqalpog‘istonda bu yil boshlasa bo‘ladigan 1,9 milliard dollarlik 103 ta yirik loyiha shakllantirilgan. Tarmoqlar yo‘nalishida ham bir yil ichida jami 275 million dollarlik 14 ta loyiha ishga tushiriladi. Umuman, yana 9,5 milliard dollarlik 120 dan ziyod istiqbolli loyihalar tayyorlangan.
Mutasaddilarga tadbirkorlar bilan ishlab, har bir tuman kesimida “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Bu dastur Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlarni rivojlantirish uchun yangi nafas, kamida 10 milliard dollarlik investitsiya va 500 ming ish o‘rni uchun katta zamin bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, qoraqalpoq elining ertasi bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun katta marralar olingan. Buning uchun barcha hamjihat bo‘lib, fidokorona mehnat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda turkiy xalqlarning ulug‘ shoiri Ajiniyozning 200 yillik yubileyini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Davlatimiz rahbari shoirning xalq uchun xizmat qilgan fidoyi zotlarni “hazrati inson” deb ataganini yodga oldi va barchani shunday ishlashga da’vat etdi.
– Avval ham aytganimdek, o‘zbek va qoraqalpoqning tarixi ham, taqdiri ham bir. Men ishonaman, bizning yorug‘, baxtli kelajagimiz ham albatta bir bo‘ladi. Bu yo‘lda sizlarga, hurmatli yoshulli va tadbirkorlarimizga yangi yutuq va omadlar tilayman, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tarmoqlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbirlari