Saudiya Arabistoni kompaniyasi 2025 yil boshida Misrning yangi poytaxtida 55 qavatli minora qurishni boshlaydi. Binoni ta’minlaydigan energiya yerdan suyuq holatda yetkazib beriladigan toza vodorod orqali hosil qilinadi.

“Reuters” agentligi xabar berishicha, barqaror iqtisodiyot, namunali hayot va ishlab chiqarish tizimi namunasiga aylanadigan mazkur loyiha qiymati 1 milliard dollar.

Bunday uslubdagi ilk g‘oyani amalga oshirish bo‘yicha doiraviy qaror 2023 yil yanvarda Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi 53-yig‘ilishi so‘nggi kunida imzolangan. Qurilish ishlari Saudiyaning “Rawabi Holding” sanoat guruhiga tegishli “Magnom Properties” kompaniyasi tomonidan nazorat qilinadi. Minora buyurtmachisi – “Forbes” media guruhi, inshootning ishchi nomi – “Forbes International Tower”. Bu Forbsning ilk tijoriy minorasidir. Bir necha yil avval Qohira sharqida qurila boshlangan fasadga quyosh panellari o‘rnatiladi. Natijada elektr energiyasi ehtiyoji 25 foiz ta’minlanadi. Qolgan zarur quvvat vodoroddan olinadi.

Keyinchalik, Dubay va Ar-Riyodda ham shunday minoralar qurish rejalashtirilgan. Bino tomida vertolyot qo‘nishi uchun maydoncha hozirlanadi. Tepaga ko‘tarilish uchun ikkita yuqori tezlikda harakatlanadigan VIP lift o‘rnatiladi. Xavfsizlikni ta’minlash, xususan jismoniy va kiber hujumning oldini olish maqsadida eng so‘nggi axborot texnologiya kommunikatsiyasi tizimi joriy qilinadi. Avtomatlashtirish va sun’iy intellekt yutuqlariga, ofis maydoni tashkil qilishga yangicha yondashuv ko‘zda tutilgan.

Binoning batafsil loyihasi Chikagodagi AS+GG me’morchilik guruhi va “Gordon Gill Architecture” kompaniyasiga ishonilgan. Ob’ekt 2030 yil foydalanishga topshiriladi.