AOKAda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda “Soliq” mobil ilovasida tadbirkorlar uchun “Soliq biznes” xizmati ishga tushirilgani ma’lum qilindi.

Mazkur mobil ilova O‘zbekiston aholisi orasida eng ommabop ilovaga aylandi. Bugungi kunda ilova foydalanuvchilari soni 7,5 million nafardan ortdi. Bir kunda 800 ming martadan ortiq foydalanilmoqda.

Keshbek, ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish, soliqlarni to‘lash va o‘zini o‘zi band qilish kabi xizmatlar eng ommabop xizmatlar bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yilda ilova orqali 134 milliard so‘mdan ortiq soliq to‘langan bo‘lsa, joriy yilning 7 oyida qariyb 191,5 milliard so‘m soliq to‘landi.

Jismoniy shaxslar mobil ilova orqali to‘langan soliqni qaytarish uchun ariza berishlari mumkin. Ushbu xizmat ishga tushirilgandan beri, ya’ni 2023 yil dekabr oyidan bugungi kungacha 90 mingdan ortiq ariza kelib tushgan.

Joriy yilda soliq organlari bilan qayta aloqa tizimi ishga tushirildi. Mazkur tizim orqali sohaga oid savollarni 24/7 rejimida yuborish mumkin. Tizim soliq.uz veb-sayti va “Soliq” mobil ilovasiga joylashtirilgan. 1 avgust holatiga sayt orqali 2,5 mingga yaqin, ilovadan qariyb 21 ming xabar kelib tushgan.

 

Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilar uchun sun’iy intellekt bazasida yaratilgan “Davr-On” virtual yordamchisini ishga tushirdi, u ham soliq to‘lovchilarga 24/7 rejimida soliq va soliqqa tortish masalalarida ma’lumotlar hamda personal maslahatlar beradi. “Davr-On” bilan ilova orqali ham muloqot qilish mumkin.

Yaqin vaqtgacha mobil ilova orqali faqat jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatilar edi. Joriy yil 1 avgustda ilovaning yangi 2.0. versiyasi ishga tushirildi. Unda yuridik shaxslar shaxsiy kabinetining mobil versiyasi – “Soliq biznes” qo‘shildi. Bu 20 avgust – Tadbirkorlar kuniga ajoyib tuhfa bo‘ldi. Xizmatdan korxona rahbari va bosh hisobchi foydalanishi mumkin. Buning uchun ulardan Face ID orqali ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi xolos.

Bunda tadbirkorlar real vaqt rejimida barqarorlik reytingidagi o‘rni, korxona haqidagi ma’lumotlar, xususan, “DSB ma’murchiligi” hamda “Mahallabay” tizimidagi mezonlar asosida soliq majburiyatlarining bajarilgan yoki bajarilmaganlik holati va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni ko‘rib turadi.

Shuningdek, bank hisobraqamlarining to‘xtatilgan yoki to‘xtatilmagani, yuborilgan va kelib tushgan elektron hisobvaraq-faktura, elektron ishonchnoma va elektron shartnomalarning har bir holatini bilish mumkin.

Shaxsiy kabinetga yuborilgan talabnoma va boshqa yozishmalarning alohida bo‘limda joylashtirilishi tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Bu yerdan soliq organiga murojaat yuborish imkoniyati ham yaratilgan.

Biznes jarayonlarini va hisobchilar faoliyatini korxona rahbari bilan bir paytda ta’sischilar, biznes hamkorlar va boshqa ishonchli shaxslar ham kuzatib borishi mumkin. Buning uchun korxona rahbari kuzatuvchi rejimini faollashtirishi kifoya.

“Soliq biznes” xizmati biriktirilgan soliq inspektori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga imkon beradi. Bunda ko‘rsatilgan xizmatga salbiy yoki ijobiy baho berish mumkin.

Shuningdek, ilovaning yangilangan versiyasida elektron tovar transport yuk xatlarini shakllantirish ham soddalashdi. Eng asosiysi, endi haydovchilardan tovar transport yuk xatini tasdiqlash talab etilmaydi.

Jismoniy shaxslar uchun ham bir qator qulayliklar yaratildi. Soliq organlari va tegishli idoralar ma’lumotlar bazalarining integratsiyalashuvi hisobiga endi foydalanuvchilarning pasport yoki ID karta, haydovchilik guvohnomasi, ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlari va pensiya jamg‘armasi mablag‘lari ham ilovada ko‘rinadi.

Yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan mobil kabinet hisobchi va korxona rahbarlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratib, soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida, xato va kamchiliklarsiz bajarishga xizmat qilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA