Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi UNA-OIC xabar berishicha, 12 avgust kuni Misr Arab Respublikasida Ayollar taraqqiyoti tashkiloti “Falastin ayollari va qizlari: muammolar va chidamlilik” nomli virtual simpozium o‘tkazadi. Anjumanda falastinlik ayollar va qizlar duch keladigan kundalik qiyinchilikka oydinlik kiritish, ularning chidamliligini targ‘ib qilish va yaxshi kelajak qurish tashabbuslarini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Falastin urush natijasida jiddiy muammolarga duch kelgan. Bu galgi forum qatnashchilari ushbu mojaroning ayollar va qizlar hayotiga ta’siri, mavjud masalalarga yechim topish, ularga zarur yordam ko‘rsatish yuzasidan fikr almashadilar.

Sessiyalarda yuqori martabali rasmiylar guruhi, jumladan BMT Ayollar tuzilmasi huzuridagi Arab davlatlari bo‘yicha idora, Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlash agentligi (UNRWA)ning Qohiradagi vakolatxonasi rahbari Sahar Al-Juburiy, Falastin ayollar ishlari vaziri Mona Al-Xaliliy, Ayollar taraqqiyoti tashkiloti (ATT – WDO) ijrochi direktori doktor Afnan Ash-Shuaybiy va IHT Falastin va Quddus departamenti direktori doktor Ali Qutaliy ishtirok etadi.

Tadbirda Falastinlik ayollar va qizlar huquqini ilgari surishda IHTning roli, xalqaro birdamlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va turli hayotiy mavzular ham tahlil qilinadi. ATTning ayni mavzuga oid hisoboti tinglanadi.

Eslatib o‘tamiz, WDO ixtisoslashgan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, IHT tarkibida ochilgan. 2010 yil Misrda tashkil etilgan IHT  doirasidagi yuqori darajali maslahatlashuvda tashkilot nizomi qabul qilingan. 2020 yil xalqaro miqyosda faoliyat ko‘rsata boshlagan ATT 2021 yil Qohirada bosh qarorgohini ochdi.

Ayni payt 19 a’zo davlatni birlashtirgan WDO IHT gender tengligi siyosatini ilgari surgan holda, to‘rt tomonlama mandat asosida me’yoriy qo‘llab-quvvatlash, siyosat yuritish, targ‘ibot olib borish va xabardorlikni oshirish, muvofiqlashtirish va amaliyot o‘tkazish vazifalarini bajaradi. Ayollar va qizlarni siyosiy, ijtimoiy, ta’lim, madaniy va iqtisodiy sohalarda qo‘llab-quvvatlaydi, integratsiya jarayoniga jalb qiladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA