FOTOREPORTAJ
Nukusda “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligi yakuniga bag‘ishlab tadbir tashkil etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi, oliy ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Joriy yilning 1-31 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish” targ‘ibot oyligi doirasida mahallalar, korxona va tashkilotlarda yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashni targ‘ib qiluvchi “Eng faol mahalla”, “Eng yaxshi milliy kontent” singari tanlovlar, ogohlikka chaqiruvchi ommabop chellenjlar o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar ko‘p hollarda bank plastik kartalari bilan bog‘liq ekanligi, bu orqali esa fuqarolarga moddiy zarar yetkazilayotgani haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda eng samarali yo‘llardan biri – fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Tadbirda oylik doirasida tashkil etilgan tanlovlar g‘oliblari hamda faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Yakunda ishtirokchilar e’tiboriga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA