Ӯzbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrar soha ayollari” uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yoshlar va innovatsion qishloq xo‘jaligi” ko‘rik-tanlovida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining “Kelajak yoshlari” jamoasi Yevropaga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Vazirlik tizimidagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi talaba- yoshlari o‘rtasida tashkil etilgan tanlovning asosiy vazifasi qishloq xo‘jaligi sohasida yoshlarning yangi, kreativ g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarini amalga oshirishi uchun motivatsiya berish, sohada ilg‘or va tashabbuskor yoshlar uchun imkon yaratishdir. Jami 3 bosqichda o‘tkazilgan tanlov 4 ming 99 nafar yoshni qamrab oldi. Ko‘rik-tanlov davomida talaba-yoshlar tomonidan ilg‘or g‘oyalar asosida ko‘plab innovatsion loyihalar taqdim etildi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining “Kelajak yoshlari” jamoasi mazkur tanlovning mutloq g‘olibi deb topildi. Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi ikkinchi, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti jamoasi esa uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Nukus xalqaro aeroportida Yevropaga sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Kelajak yoshlari” jamoasi tantanali kutib olindi. Tadbirda filial rahbariyati, ota-onalar va professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etib, g‘oliblarni samimiy muborakbod etdi.
– Sahnada taqdirlanar ekanmiz, xayolimda biz yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlarni yana bir marta qalbdan chuqur his qildim,– deydi filial talabasi Shaxida Qarlibayeva. – Ustozlarimiz va jamoa a’zolari bilan tinmay mehnat qilib, loyihamiz ustida muntazam ish olib bordik. Natija esa kutgandan ham a’lo bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri