KXSHT XK kotiblari qo‘mitasi yig‘ilishi

6-iyun kuni Olmaota shahrida Qozog‘iston tomoni raisligida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) Xavfsizlik kengashlari kotiblari qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazildi.

Uchrashuvda tashkilot Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov dunyoda ro‘y berayotgan global vaziyat va KXSHTga a’zo davlatlar xavfsizligiga tahdid va xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari harbiy-siyosiy vaziyatni hamda chaqiriq, tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishda a’zo davlatlarning tashkilot formati doirasidagi faoliyati va hamkorligini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi joriy yil noyabr oyida, KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi sessiyasi arafasida Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.

Tojikiston daryo qirg‘oqlarini mustahkamlaydi

Tojikiston Bosh vaziri Kohir Rasulzoda suv toshqinlari oqibatini bartaraf etish va daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash jarayonini baholash maqsadida Xatlon viloyati Temurmalik va Baljuvon tumanlariga tashrif buyurdi. Belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarilishi uchun mas’ullarga yangi loyihalar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Tashrif chog‘ida Bosh vazir Temurmalik tumanidagi “Hamroviy”, “Bahmanrud”, “Tanobchi poyon” va “Qang‘urt” qishloqlarida toshqin payti xavf darajasi yuqoriligini ta’kidladi.

Ushbu hududlarda himoya inshootlari bor edi, lekin suv toshqini payti vayron bo‘lib, Sho‘roqsa va Surhob daryolariga tutash joylarga jiddiy zarar yetkazgan.

Ayni payt Xatlon viloyati Ko‘lob zonasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlarning oldini olish maqsadida daryo qirg‘oqlariga temir-beton to‘siqlar o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, komissiya a’zolari Surhob va Obimozor daryolarining shikastlangan qirg‘og‘i, “Go‘rdara” va “Baljuvon” hududlarini ham ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekistondagi ikki OTM dunyo universitetlari TOP-1000 taligida

Ilk bor O‘zbekistonning bir yo‘la 2 oliygohi dunyoning eng nufuzli universitetlari TOP-1000 ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Buyuk Britaniyaning nufuzli “QS Quacquarelli Symonds” xalqaro reyting agentligi dunyodagi eng yaxshi universitetlar reytingi – “QS World University Rankings-2025” natijasini e’lon qildi.

Reytingda birinchi marta O‘zbekistonning ikki oliy ta’lim muassasasi – “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 547-o‘rin, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti 781-o‘rinda qayd etildi.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Akademik nufuz” ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yaxshi 300 ta oliy o‘quv yurti qatoriga va Markaziy Osiyodagi eng yaxshi universitetlar uchligiga kirdi.

O‘zMU “Chet ellik o‘qituvchilar ulushi” ko‘rsatkichi bo‘yicha 200 eng kuchli universitet sifatida Markaziy Osiyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.

Qirg‘iziston delegatsiyasi BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida

ishtirok etdi

Qirg‘iziston Germaniyaning Bonn shahrida BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etdi. Delegatsiyaga mamlakat Prezidentining tog‘li hududlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus vakili Dinara Kemelova rahbarlik qildi.

Ushbu nufuzli anjumanda 190 mamlakatdan 6700 vakil ishtirok etdi. D.Kemelova mavzu juda muhimligini ta’kidlab, respublikaning bu boradagi sa’y-harakati haqida gapirdi. Shuningdek, UNFCCC doirasida tog‘ va iqlim bo‘yicha global muloqot masalasini ko‘tarib, tadbir davomliligini ta’minlash taklifini kiritdi. Barchani tog‘li hududlarda iqlim muammosini hal qilish va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Yig‘ilish ishtirokchilari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bilan bog‘liq global muammolar – jarayonni moliyalashtirish, zararni qoplash jamg‘armasini ishga tushirish kabi tegishli masalalarni muhokama qildilar.

Ushbu tadbir kuzda Ozarbayjonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 29-konferensiyasi oldidan tashkil qilindi.

Ashxobodda ekologiya bo‘yicha xalqaro konferensiya

Ashxobod shahrida Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab “Turkmaniston – ekologiya farovonligi diyori” ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Türkmenistan: Altyn asyr” nashri xabar bergan.

Yig‘ilishda mamlakatning atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari, mahalliy va xalqaro jamoat tashkilotlari, jumladan BMT tarkibiy bo‘linmalari vakillari, olimlar, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

Konferensiya ochilishi marosimida Prezident Serdar Berdimuhamedovning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.

Yalpi majlisda mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish, sohaga oid milliy qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. So‘nggi yillarda bu o‘lka noyob tabiat yodgorliklarini asrab-avaylash yo‘nalishida xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilmoqda. Xususan, “Bereketli Garagum”, “Gaplangir” va “Repetek” davlat qo‘riqxonalari UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga “Turon mo‘tadil cho‘lli” nominatsiyasi bo‘yicha kiritilgani e’tiborga molik. Shuningdek, mamlakat oliy o‘quv yurtlarida UNESCO kafedralari ochilgan.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, joriy konferensiya tajriba va bilim almashish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi. Iqlim o‘zgarishiga moslashish va issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish bo‘yicha harakatlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, biologik xilma-xillikni himoya qilishga yordam beradi.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA