Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida an’anaviy Peterburg Xalqaro iqtisodiyot forumi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli anjumanda dunyoning ko‘plab davlatlaridan hamkasblarimiz – tajribali media mutaxassislar, jurnalistlar ham ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida 5 iyun kuni RF Prezidenti Vladimir Putin jahonning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashdi. Ochiq savol-javob,  samimiy suhbat-munozara tarzidagi uchrashuvda mamlakatimizdan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov ham qatnashdi.

Tadbirda Rossiyadan TASS, AQSHdan “Associated Press”, Buyuk Britaniyadan “Reuters”, Germaniyadan “Deutsche Presse-Agentur – DPA”, Xitoydan Sinxua, Fransiyadan “France-Press” kabi jahonning yetakchi agentliklari, shuningdek, Yaponiya, Eron, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Koreya Respublikasi, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjonning yetakchi rasmiy axborot idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kutilganidek, muloqot davomida muhim xalqaro voqea-hodisalar, ichki va tashqi siyosat atrofida konstruktiv suhbat, bahs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Jumladan,  Rossiya – Ukraina ziddiyatiga kengroq o‘rin berildi. Ya’ni, ishtirokchilarning aksariyati ushbu muammo bilan bog‘liq mulohazalarga aniqlik kiritib olish istagida bo‘ldi. Shuningdek, V.Putin Isroil – Falastin mojarosi, AQSHdagi bo‘lajak prezident saylovi, RFning Yevropa Ittifoqi, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Koreya yarim oroli kabi mintaqalar, shuningdek Belarus, Eron, KXDR, Yaponiya bilan alohida munosabati yuzasidan berilgan savollarga ham javob berdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov Rossiya Prezidenti va hamkasblari diqqatini dunyodagi ayrim davlatlar va mintaqalararo nizolar o‘ta kuchaygan murakkab bir davrda ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan Afg‘oniston muammosiga qaratdi.

– Vladimir Vladimirovich, yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida dolzarb xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashgan edingiz. O‘zbekiston uchun qo‘shni afg‘on zaminidagi tinchlik va barqarorlik juda muhim ahamiyatga ega. Afsuski, kuzatishimizcha, Ukrainada bo‘lib o‘tayotgan voqealar global kun tartibidan afg‘on muammosini to‘liq siqib chiqargan. Vaholanki, Afg‘onistonning yangi rahbarlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, zahmatkash afg‘on xalqiga ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda ko‘maklashish bo‘yicha ob’ektiv zarurat mavjud. Bundan tashqari, biz Afg‘onistonning yangi hukumati, ya’ni Tolibon mamlakatda tinchlik o‘rnatish, barcha davlatlar bilan konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qat’iy intilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Mening savolim shu bilan bog‘liq.

–Rossiya Federatsiyasi uchun Afg‘oniston bilan muloqotni saqlab qolish qanchalik muhim? Hozirgi paytda afg‘on yo‘nalishi Rossiya siyosatida muhim o‘rin egallaydimi? Va Sizning ushbu mamlakat atrofidagi jarayonlarga munosabatingiz qanday? 

– V.Putin: Birinchidan, shuni tasdiqlamoqchimanki, O‘zbekistonga safarimiz nihoyatda salmoqli, samarali kechdi. Hali hech kim bilan bu shaklda muloqot qilmagan edik. Ya’ni, Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan va taklifiga ko‘ra, O‘zbekistonga katta hukumat delegatsiyasi bilan tashrif buyurdik, ayni payt hududlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik. Natija shunday bo‘ldiki, Rossiya hukumatining yarmi, RF hududlari rahbarlarining salmoqli qismi Toshkentda bo‘ldi. Ayrim hududlarimiz rahbarlari, hatto, RF Hukumatining yangilangan rahbariyati tarkibi bilan ham bevosita muloqot qildi. Jarayon qiziqarli, nihoyatda foydali bo‘ldi. Bu men uchun, hatto, kutilmagan hol.

Ikkinchidan, biz Ukraina muammosini muhokama qildik. Prezident Mirziyoyev, albatta, ushbu ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilishni yoqlab chiqqan, bir necha bor O‘zbekiston Ukrainadagi voqealardan tashvishda ekanini ta’kidlagan. Ayni payt biz Prezidentdan bu borada mamlakatingiz siyosati yaqqol betaraf xususiyatga ega ekani va puxta o‘ylangani uchun minnatdormiz.

Afg‘onistonga kelsak, biz bu haqda ham ko‘p gaplashganmiz. O‘zbekiston duch kelayotgan muammo – dunyo okeaniga, dengizlarga chiqish ekani tushunarli. Bu borada turli variantlar mavjud. Masalan, Afg‘oniston hududi orqali quvurli transport, temir yo‘l va avtomobil transporti, energiya tashuvchi vositalar, elektr energiyasi kabi logistikaning turli shakllarini rivojlantirish. Tabiiyki, shu sababli O‘zbekiston uchun ham, biz uchun ham Afg‘onistondagi barqarorlik juda muhim. Va biz har doim voqelikdan kelib chiqish tarafdorimiz: toliblar Afg‘onistondagi hokimiyatni nazorat qilmoqda va albatta, Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasidagi barcha kelishuvlar bajarilishi, jumladan, Afg‘onistonning barcha etnik guruhlari ishtirokida hokimiyat inklyuziv bo‘lishiga erishish kerak. Bu nozik va o‘ta muhim masala. Tolibon hukumati bilan aloqa o‘rnatish kerak. Umuman olganda, aloqalarimiz bor. Afg‘oniston buni rivojlantirayotganini bilaman. Biz bundan keyin ham ilgarilab boramiz, qo‘shni mamlakat bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kerak, axir. O‘zbekistonning bu mamlakat bilan chegarasi ancha uzun. Demak, xavfsizlikni ta’minlash kerak Va takrorlayman, logistikani rivojlantirish zarur. Bu boradagi ishlarni albatta davom ettiramiz, ushbu imkoniyatlarni o‘rganib chiqamiz, deb kelishdik.

Peterburg Xalqaro iqtisodiyot forumi davom etyapti.

O‘zA