Mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish hamda sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2024 yil 1 martdan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi yangi tartiblar joriy etildi.

Xo‘sh, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida qanday chora-tadbirlar amalga oshirildi?

AOKAda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu xususda ma’lumotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha, Uyushmaning hududiy boshqarmalari hamda 208 ta tuman (shahar) bo‘limlari rahbari lavozimga tayinlangan. Yanvar-aprel oylarida 9  ming 452 ta “mahalla yettiligi”ning malakasini oshirish, ularda boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida o‘quv-seminarlar tashkil etilgan.

Mahalla raislarining ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, namunali mahallalar sonini kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yildan boshlab ilk marotaba fuqarolar yig‘inlari raislari orasida “Eng namunali mahalla raisi” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov g‘oliblari 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni arafasida e’lon qilindi. Shuningdek, yil davomida ham “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan qator tanlovlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Respublikada ilk bor umumiy ishsizlar, kam ta’minlangan oilalar, xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar, nogironligi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, “ijtimoiy daftarlar”da turuvchi oilalar, probatsiya va profilaktik hisobda turuvchilar, ajrim yoqasidagi oilalarning yagona kompleks “mahalla balansi” shakllantirildi. Bugungi kunda barcha mahallalar 25 ta yo‘nalish, 401 ta ko‘rsatkichdan iborat “mahalla balansi”ga ega.

Ayni paytda hududlarda 1 million 7 ming nafar ishsiz, 1,7 million nafar kam ta’minlangan oila mavjud. Nogironligi bor shaxslar 815 ming nafarni, boquvchisini yo‘qotgan oilalar 199 mingtani, “Temir daftar”dagi oila 56 mingtani, “Ayollar daftari”dagilar 1 million 36 ming nafarni, “Yoshlar daftari”dagilar 110 ming nafarni,  probatsiya hisobida turuvchilar 77 ming nafarni, profilaktik hisobda turganlar 240 ming nafarni tashkil qiladi. 40 mingta oila esa ajrim yoqasida.

Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etish maqsadida mahalla, sektor, tuman va viloyat “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi. Ayni paytda “Mahalla balansi” yagona elektron platformasi ishlab chiqilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga katta samara beruvchi “mahalla byudjeti” shakllantirildi. Endi mahallalarning o‘z byudjeti bo‘ladi va uni o‘zi tasarruf eta oladi. Unga ko‘ra, joriy yilda yer va mol-mulk solig‘i hisobidan 822,6 milliard so‘m soliq tushumi undirilib, 9 ming 452 ta mahalla byudjetiga 82,2 milliard so‘m daromad tushirildi. Shakllangan mablag‘larning “mahalla yettiligi” kollegial qarori asosida manzilli sarflanishi bo‘yicha Yo‘riqnoma ishlab chiqildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA