Munosabat
1992 yil 20 mart sanasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi samarali va o‘zaro manfaatli aloqalar rivojida muhim hisoblanadi. Boisi shu kuni Rossiya O‘zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan olgan. O‘tgan 32 yillik vaqt davomida diplomatik munosabatlar yanada kengayib yangi bosqichga ko‘tarilib bordi.
Xususan, 2004 yil 16 iyunda Strategik hamkorlik, 2005 yil 14 noyabrda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar tuzildi. 2012 yil 4 iyunda esa O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan oliy darajadagi 20 ga yaqin o‘zaro tashriflar esa deyarli barcha jabhalarda samarali davlatlararo muloqotni sezilarli darajada faollashtirish imkonini berganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Hozirda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi hamkorlikning dolzarb va muhim jihatlari yuzasidan Hukumatlararo, Parlamentlararo muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya BMT, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa global hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasida yaqindan hamkorlik qiladi hamda bir-birining tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi faol hamkorlikning yana bir muhim bo‘g‘ini bu savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarining jadal rivojlanganligidir. O‘zbekistonning Rossiya bilan savdosi ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlarga muvofiq erkin savdo rejimida amalga oshirib kelinmoqda. Oxirgi 7 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga ortdi. Xususan, 2017 yilda 4,73 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yil yakuniga kelib o‘zaro tovar ayrboshlash hajmi salkam 10 milliard dolarga yetdi. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida ushbu ko‘rsatkich 3,8 milliard dollarga yetib, 30 foizdan ortiq o‘sishga erishildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3000 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. So‘nggi yillarda tog‘-kon, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa sohalarda 100 dan ortiq yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirildi.
Bu kabi ijobiy ko‘rsatkichlarga erishishda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan ishonchli va do‘stona ruhdagi aloqalarning o‘rni muhim, albatta.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga qilgan navbatdagi tashrifi va tashrif doirasida erishilgan natijalar esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yetakchi iqtisodiy tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, madaniy, gumanitar sohalardadagi hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, davlat yetakchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tor doiradagi uchrashuvda O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirishga kelishildi.
Rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan muzokaralar davomida esa siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish, buning uchun parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni izchil davom ettirishga kelishib olindi. Xususan, samarali muloqotlar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma bayonot imzoladilar.
Shu bilan birga, davlat rahbarlari huzurida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Oliy ta’lim, Qishloq xo‘jaligi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.
Umuman olganda, yuqori natijadorlikka ega bo‘lgan uchrashuvlar yakunidan ham bilish mumkinki, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga navbatdagi davlat tashrifi ham ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi sahifa ochishiga hissa qo‘shganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Muzafara ABDIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA