O‘tayotgan hafta Eron Islom Respublikasining amaldagi Prezidenti Ibrohim Raisiy vafot etdi. Mamlakat yetakchisi 19 may kuni Sharqiy Ozarbayjon viloyati hududida delegatsiya a’zolari, jumladan tashqi ishlar vaziri Amir Abdullohiyon, viloyat gubernatori Malik Rahmatiy va imom Ali Hoshim bilan birga havoda halokatga uchradi.

Raisiy uchgan vertolyot Ozarbayjon bilan chegara yaqinidagi tog‘li hududda qulagan. Qutqaruv ishlari noqulay ob-havo sharoitida 15 soatdan ko‘proq davom etgani ma’lum.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Humanaiyga yaqinligi aytiladigan 63 yoshli Raisiy 2021 yil Eron prezidentligiga kirishgan edi. Hozir uning o‘rniga birinchi vitse-prezident, oliy rahnamo tarafdori sifatida tanilgan Muhammad Muhbar muvaqqat prezidentlikka qo‘yildi. 28 iyunga muddatidan oldin prezidentlik saylovi belgilandi.

Raisiyning dafn marosimi ona shahri – Mashhadda o‘tgan.

Turkiyaning “Hürriyet” gazetasi yozishicha, Raisiy ichki siyosat qurboniga aylangan bo‘lishi mumkin. Eron razvedka xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Raisiy uchgan uchoq yo‘lovchilari ro‘yxatiga so‘nggi daqiqada o‘zgarish kiritilgan. Prezident kortejiga uch vertolyot hamrohlik qilgan, ikkisi manzilga yetib borgan.

Axborotda qayd etilishicha, amaldagi oliy rahnamo Ali Humanaiy keksayib qolgan, Eron diniy rahbariyatida hokimiyat uchun zimdan kurash ketyapti.

– Raisiy diniy rahnamoni saylaydigan delegatsiyaning bir qismi sifatida bosh lavozimga eng kuchli nomzodlardan biri edi, – deb yozadi gazeta. – Oliy yetakchi atrofida to‘plangan guruh esa bu kursida Ali Humanaiyning o‘g‘li Mujtaba Humanaiyni ko‘rmoqchi. Vertolyot halokatida asosiy e’tibor Raisiyga qaratilgan. Binobarin, Husayn Amir Abdullohiyon ham Eron rejimining muhim shaxsi, prezidentlikka nomzodlardan biri edi. Unga-da suiqasd uyushtirilgan bo‘lsa, bir o‘q bilan ikki quyon urilgan. Nashr Prezidentga nima uchun lozim darajada jihozlanmagan uchoq ajratilgani, boshqa ikki vertolyot esa jiddiy muammosiz uchganiga ham e’tibor qaratgan.

Isroil OAV yozishicha, sobiq mudofaa vaziri, hozir harbiylar mahkamasi a’zosi Beni Gans Bosh vazir Netanyahuga ultimatum qo‘yib, 8 iyunga qadar bir necha masala bo‘yicha aniq reja ishlab chiqishni so‘ragan. Jumladan, garovga olingan isroilliklar uyiga qaytarilishi, HAMASni yo‘q qilish, qator Arab davlatlari bilan aloqani mo‘’tadillashtirish talab qilingan. Shuningdek, Umumharbiy majburiyat to‘g‘risida qonun qabul qilish ham Netanyahu zimmasida qolmoqda. Isroilda dindor yahudiylar jon-jahdi bilan harbiy xizmatga chaqirilmaslikka harakat qilayotgani asosiy siyosiy muammolardan biriga aylangan. Dunyoviylar esa bundan juda norozi. Ushbu hafta yahudiy askarlar Jabaliya lageri va Jenin qochqinlar qo‘nalg‘asiga bostirib kirdi. Hujum oqibatida shifokor, o‘qituvchi va talabalar vafot etgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shahardagi notinchlik sabab 700 ga yaqin bemor urush hududida qolib ketganini aytgan. Armiya gumanitar yordam yo‘lagini yopib qo‘ygach, oxirgi ikki haftada aholi va shifoxonalarga zarur mahsulotlar yetib bormagan.

Hafta adog‘ida Xalqaro sud falastinliklar uchun xavf tug‘dirgan Rafohga harbiy harakatni zudlik bilan to‘xtatish kerakligi yuzasidan qaror chiqardi. Sud Isroilga nisbatan genotsid haqidagi da’voni tekshirish uchun G‘azoga kirishni ta’minlash va insonparvarlik ko‘magi yuborish uchun Misr bilan chegarada nazorat nuqtasi ochish lozim, degan qarorga keldi. Isroil bir oy ichida ko‘rilgan chora bo‘yicha hisobot berishi shart.

Falastinni mamnun etadigan yagona voqea Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olinishi bo‘lib turibdi. Shu qaror tufayli uch mamlakat elchilari Isroil Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Stere tegishli qaror 28 maydan kuchga kirishini aytdi. Ayni payt Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlatdan 9 tasi Falastinni rasman tan olgan.

O‘tayotgan hafta Rossiya armiyasi yadro qurolini qo‘llash bo‘yicha mashq boshladi. Mamlakat TIV mashg‘ulot aks etgan videoni ham e’lon qildi. Lavhada “Iskandar” tezkor-taktik raketa tizimi joylashtirilgani, tizimga raketa o‘rnatilgani, shuningdek aerodromda “Kinjal” giper tovushli raketa tashuvchisi turgani ko‘ringan.

– Mashg‘ulot ig‘vogarona bayonot va tahdidga javoban, Rossiya davlati hududiy yaxlitligi hamda suverenitetini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan, – deyiladi Mudofaa vazirligi axborotida.

Amerika Qo‘shma Shtatlari “Sentinel” nomli qit’alar aro ballistik raketa parvoziga tayyorgarlik ko‘ryapti. Sinov avval belgilangan jadval bo‘yicha o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat energetika vazirligi huzuridagi yadro xavfsizligi milliy boshqarmasi rahbari Jill Xrubi bayonot bergan. Ushbu amaliyotga sabab sifatida raqiblardan ortda qolmaslik vaji keltirilgan.

23-24 may kunlari Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi Tayvanning uch tomonidan o‘rab olib, quruqlik, havo va dengiz mashqini o‘tkazdi.

– Ikki kunlik mashg‘ulotda hokimiyatni birgalikda egallab olish, zarba berish va muhim hududni nazorat qilish qobiliyati sinovdan o‘tkazilmoqda, – deyilgan rasmiy xabarnomada.

Harbiy amaliyot Tayvanning yangi Prezidenti Lay Sindening inauguratsiya nutqidan bir necha kun o‘tib boshlandi. Yetakchi ma’ruzasida Tayvan suveren va mustaqil davlatligi, suverenitet xalqning qo‘lida ekanini ta’kidlagan. Pekinni Tayvanga nisbatan tajovuzkorlikni to‘xtatishga chaqirgan.

Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Asliddin Alijonov (video), O‘zA.