Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan moliyalashtirilgan akvakultura loyihasi Orolbo‘yida innovatsion yutuqlarga erishdi.

Yaqinda sun’iy suv havzalarida artemiyaning yangi turini yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha birinchi tashabbus muvaffaqiyatli boshlandi. Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha suv xo‘jaligi va hududni barqaror rivojlantirish sohasida muhim innovatsion o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda.

Artemiya –sho‘rlangan suv havzalarida yashovchi qisqichbaqasimonlarning noyob vakili: 195 foizgacha suv sho‘rligiga va 1 mg/l gacha kislorod konsentratsiyasiga bardosh bera oladi. Ko‘llarda (sho‘rligi 70 foiz va undan yuqori) yirtqichlar va oziq-ovqat raqobatchilari bo‘lmaganida, artemiya amalda monokulturaga aylanadi. Dunyoda artemiyaning 10 ga yaqin turi mavjud.

Germaniya, Belgiya, Vetnam va Erondan kelgan xalqaro yuqori malakali mutaxassislar va maslahatchilar bilan hamkorlik ushbu innovatsion loyihani amalga oshirishni samarali boshlash imkonini berdi. So‘nggi yillarda artemiya kistalarini intensiv yig‘ish va Orol dengizining qolgan qismida sho‘rlanish darajasining oshishi ushbu biologik resurslar biomassasining kamayishiga va kelajakda mintaqada minglab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Artemiyani sun’iy suv havzalarida yetishtirish respublikada ilk bor yo‘lga qo‘yildi. Bu esa o‘z navbatida hududda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va bioxilma-xillikni saqlashga xizmat qilmoqda.

Jumladan, mintaqaning xomashyo bazasini mustahkamlovchi artemiyaning barqaror hajmlarini ishlab chiqarish imkonini beruvchi sun’iy hovuzlar yaratildi. Barqaror artemiya ishlab chiqarish yangi eksport imkoniyatlarini ochib, mamlakat iqtisodiy rivojlanishini kuchaytiradi. Artemiya kistalarini ishlab chiqarishdan sotuvga chiqarishgacha bo‘lgan samarali zanjirni yaratish biomassani oshirish va akvakultura sifatini yaxshilashga yordam beradi.

Ushbu loyihaning yo‘lga qo‘yilgani Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. U nafaqat iqtisodiy foyda keltirishi, balki mintaqaning ekologik farovonligi va barqaror rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri