Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti va O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi, deb yozdi “Xovar” agentligi.
Ushbu hujjat talabalar, olimlar o‘rtasida ma’lumot va tajriba almashishni yanada soddalashtirish imkonini beradi.
***
Shotlandiyaning birinchi vaziri, Milliy partiya yetakchisi Hamza Yusuf iste’foga chiqishini ma’lum qildi.
“The Times” gazetasi yozishicha, mazkur fraksiya yashillar partiyasi bilan koalitsiyadan chiqib, mahalliy parlamentda ko‘p o‘rnini yo‘qotgan.
Pokistonlik muhojirning farzandi, 38 yoshli Hamza Yusuf 2023-yil mart oyida Shotlandiya birinchi vaziri lavozimiga saylangan edi. U falastinliklar tarafini olib tanilgan. Yuusufning falastinlik qaynota va qaynonasi G‘azo sektoriga qarindoshlarini ko‘rgani borib, hamon urush hududidan chiqib ketolgani yo‘q.
***
Xitoyning Xuajun fan va texnologiyalar universiteti olimlari atrof-muhit va insonning ruhiy holati orasida bevosita bog‘liqlik mavjudligini aniqlashdi. Tadqiqot ko‘rsatdiki, yashil hudud insondagi siqilish va xavotir darajasini pasaytiradi, deyiladi “Nature Mental Health” nashri e’lon qilgan maqolada.
Shuningdek, qulay ekologik holat va toza havo ham odamga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
***
Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchisi Semyon Grigorev Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Elchining qo‘liga Rossiyada mamlakat fuqarolari huquqi buzilayotgani munosabati bilan nota tutqazildi. TASS agentligi yozishicha, hujjatda RF hududida Tojikiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan salbiy munosabat ko‘paygani, hamma joyda ularning huquqi va erkinligi buzilayotgani bois jiddiy tashvish bildirilgan. Bunday harakat faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilayotgani va Tojikiston – Rossiya munosabati ruhi, an’analariga mos emasligi ta’kidlangan.
***
2024-yil mart oyida Yer yuzasida harorat me’yordan ko‘tarilgan. Iqlimshunoslar umid bildirishicha, ushbu keskin holat yozda barqarorlashadi.
Global isish – Yerda o‘rtacha harorat ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Ushbu salbiy holat, asosan, inson faoliyati sabab yuzaga chiqmoqda. Global isish XIX asr oxirida boshlangan va hozir ham davom etyapti. Agar jarayon to‘xtamasa, sayyoramiz og‘ir oqibatni boshidan kechirishiga to‘g‘ri keladi. Natijada sohil bo‘yi shaharlarining bir qismi suv ostida qoladi, ocharchilik kuchayadi, hayotiy muhim zaxira uchun kurash boshlanadi.
Shu sababli iqlim isishiga qarshi kurash yuz yillikning asosiy muammosiga aylanadi, deydi olimlar.
***
AQSH va Yevropa Ukraina harbiy, iqtisodiy jihatdan kuchli mamlakatga aylanishini xohlaydi, dedi Davlat kotibi Entoni Blinken.
– Yevropada alyansimiz bor, avvalgidan ham kuchli va mustahkam, – dedi Blinken Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida. – O‘ylashimcha, Ukraina vaqti kelib muvaffaqiyatga erishadi, harbiy, iqtisodiy va demokratik nuqtayi nazardan kuchli mamlakat bo‘la oladi.
***
Turkiya NATO Bosh kotibi lavozimiga Niderlandiya Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Mark Ryutte nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“Anadolu” diplomatik manbalarga tayanib yozishicha, Anqara ushbu nomzod 26-aprel kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashgandan so‘ng shunday qarorga kelganini ittifoqchilariga yetkazgan.
Hozirgi Bosh kotib Yens Stoltenbergning vakolati 1-oktyabrda tugaydi.
***
Qozog‘iston hukumati Olma-Otada Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Ararat Mirzoyan va Jayxun Bayramov uchrashuvini tashkil etadi, biroq muzokarada vositachi bo‘lmaydi. Qo‘shni mamlakat TIV rasmiy vakili Oybek Smadiyarov uchrashuv oldidan uyushtirilgan brifingda shunday degan.
***
Xitoy yetakchisi may oyi boshida Yevropaning uch mamlakatiga boradi, dedi XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Xua Chunin.
– Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Vengriya Prezidenti Tamash Shuyok hamda Bosh vaziri Viktor Orban taklifiga binoan, Rais Si Szinpin 5-10-may kunlari ushbu yurtlarga davlat tashrifini amalga oshiradi, – deyilgan bayonotda.
***
Nepal hukumati dunyoning eng baland cho‘qqisi – Everest qoyasida to‘planib qolgan chiqindini yig‘ishtirib olish uchun uchuvchisiz uchar qurilmadan foydalanmoqchi. “The Himalayan Times” gazetasi yozishicha, yuk tashuvchi dronlarni sinab ko‘rish allaqachon boshlangan.
Tog‘ tizmasini chiqindidan tozalashda 30 kilogramm yuk ko‘tara oladigan “DJI FlyCart-30” droni ishtirok etadi.
***
Dubay hukumati Ol-Maktum xalqaro aeroporti yangi yo‘lovchi terminali qurilishiga 128 milliard dirham – 34,8 milliard dollar ajratadi. Bu haqda Amirlik hukmdori, BAA Bosh vaziri shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, aeroport yiliga 260 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan dunyodagi eng yirik havo qo‘nalg‘asiga aylanadi. Rejaga ko‘ra, zamonaviy transport xabiga 400 havo kemasi joylashadi, beshta yondosh uchish-qo‘nish yo‘lagi yotqiziladi. Majmua hozirgi hududidan besh barobar katta bo‘ladi.
***
Germaniya kansleri Olaf Shols GFR 2040-yil yozgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilishi to‘g‘risidagi arizaga ijobiy munosabat bildirdi. “Table.Media” portali yozishicha, Olimpiada aynan qaysi shaharda bo‘lishi hozircha noma’lum. Yaqinda ushbu eng yirik xalqaro sport anjumanini o‘tkazishga Reyn-Rur mintaqasi va Berlin shahri qiziqish bildirgandi.
Olimpiya o‘yinlari 2024-yil Parijda, 2028-yil Los-Anjelesda, 2032-yil esa Brisben (Avstraliya)da o‘tishi belgilangan.
S.Rahimov, O‘zA