O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini qo‘llashni tartibga solish to‘g‘risidagi qo‘shimcha nizomlar haqida”gi farmoni bilan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini qo‘llash tartibi soddalashtirildi.
Xususan, ushbu farmon bilan import qilingan tovarlarga bojxona to‘lovlarini to‘lamasdan ularni qayta ishlash orqali hosil bo‘lgan tovarlarni hech qanday to‘lovlarsiz chet elga eksport qilish imkoni yaratildi.
Joriy yil boshidan boshlab ushbu rejimga 1 million 520 ming AQSH dollari qiymatidagi 5841 tonna mahsulot rasmiylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ushbu mahsulotlardan qayta ishlangan 2583 tonna tovarlar xorij davlatlariga eksportga chiqarildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu rejimning afzalliklarini tadbirkorlik subyektlariga yetkazib berish hamda ularning o‘z korxonalarida ushbu rejim imkoniyatlaridan keng foydalangan holda tovarlarni jahon bozorlariga chiqarilishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan targ‘ibot ishlarining navbatdagisi “Nukus Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “bojxona hududida qayta ishlash – bojxona bojlaridan ozod hudud” ekanligi ta’kidlanib, rejimning qo‘llanilishi korxona ishlab chiqarish va eksport hajmining yanada ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi amaliy misollarda tushuntirildi.
Mazkur korxona o‘z faoliyatini 2017-yilda zamonaviy rusumdagi texnologik asbob uskunalarni xorijdan bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan holda olib kirish bilan boshlagan. Polietilen quvurlarini 300 dan ortiq assortimentda ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona xomashyoni Eron, Rossiya, Turkmaniston davlatlaridan hamda ichki bozordagi “Uzkorgaz”, “Shortan gaz” korxonalaridan olib, qayta ishlaydi.
Hozirgi kunda zamon talabiga mos raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxona mutasaddilariga tovarlar eksportini yo‘lga qo‘yish, buning uchun esa “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklaridan foydalanib, imtiyozli importni amalga oshirish talablari tushuntirildi.
Bu kabi uchrashuvlar bugungi kunda 20 nafardan ziyod mahalliy fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlagan va katta ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mazkur tadbirkorlik subyekti yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, o‘z mahsulotlarini jahon bozorlariga yo‘naltirishiga turtki bo‘ladi.
Dovud Abibullayev,O‘zA muxbiri