O‘zbekistonda sun’iy intellekt joriy etilsa mamlakat YAIM hajmi 2030-yilgacha 10 milliard dollarga oshishi mumkin. Bu YAIM o‘sishini 7 foizga ko‘paytiradi deganidir, dedi RF “Sberbank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxin Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida.

***

Gruziya Ukraina fuqarolari  uchun mamlakatda vizasiz bo‘lish muddatini 3-yilgacha uzaytirdi, deyiladi rasmiy hukumat qarorida. Avval Ukraina fuqarolarining Gruziyada vizasiz bo‘lish muddati 1-yil edi. 2023-yilda Gruziya hukumati vizasiz tartibni 2-yilga cho‘zgandi.

***

AQSH Senati Vashington ittifoqchilariga tashqi yordam to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qildi. Hujjatda, jumladan Ukraina, Isroil va Tayvan ham bor.

Hujjatni 79 senator qo‘llab-quvvatlagan.

Shunday qilib, qonun loyihasini AQSH Kongressining ikkala palatasi ham ma’qulladi. Endi uni Prezident Jo Bayden imzolashi kerak bo‘ladi.

***

Malayziya harbiy dengiz kuchlariga qarashli ikki vertolyot havoda to‘qnashib ketdi. Harbiy uchuvchilar parad oldidan tayyorgarlik o‘tkazayotgan bo‘lgan. Halokat oqibatida  vertolyotda bo‘lgan 10 nafar harbiy halok bo‘lgani aytilmoqda.

Voqea sabablarini o‘rganish uchun komissiya tashkil etiladi, deyiladi xabarda.

***

Armaniston xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan 24-25-aprelda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori vakillar ishtirokidagi xalqaro uchrashuvga bormaydi, deyiladi davlatga qarashli “Armenpress” axborot agentligi tarqatgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, bunday uchrashuvlar Rossiya xavfsizlik kengashi shafeligida 2010-yildan buyon o‘tkazilib kelinadi.

***

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov 23-aprel kuni pora olishda gumonlanib ushlandi, deb ma’lum qildi Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi.

Ivanovga 15-yillik qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Vazir o‘rinbosarining qo‘lga olingani haqida Prezident Vladimir Putinga o‘z vaqtida ma’lum qilindi, deyiladi xabarda.

*** 

Xitoyning Guandun muzofoti tumanlarida kuchli jaladan jabr ko‘rgan 110 ming kishi  boshqa joyga ko‘chirildi, deb xabar tarqatdi «Sinxua» axborot agentligi mahalliy favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarma ma’lumotiga tayanib.

“25,8 ming kishi tezkor sur’atda xavfsiz joyga joylashtirildi”, — deyiladi xabarda. Ayni damda Xitoy hukumati kuchli jala oqibatida yuzaga kelishi kutilayotgan suv toshqinlarining oldini olish choralarini kuchaytirmoqda.

*** 

«Armaniston haqiqatan ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti faoliyatida o‘z ishtirokini cheklagan, biroq o‘zaro hamkorlikning asosiy mexanizmlari ishlab turibdi. Tashkilotning nizomi va tamoyillariga ko‘ra, KXSHTning Armanistonga nisbatan barcha majburiyatlari saqlab qolingan», – deb bayonot berdi KXSHT bosh kotibi Imangali Tasmagambetov «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida.

Uning aytishicha, tashkilotda qolish yoki uni tark etish Yerevanning suveren qarori bo‘ladi.

*** 

«Isroilning barcha bazalari biz uchun nishon hisoblanadi. Isroilning har bir hujumi Hizbullohning kengaytirilgan amaliyoti bilan qarshi olinadi», – deb bayonot berdi Qatarda chiqadigan “Al-Araby Al-Jadeed” gazetasiga Livan parlamentidagi tashkilot manbasi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Hizbullohning amaliyotlari sur’ati avvalgidek bo‘lmaydi, aksincha kuchayib,  Isroilning ichki hududlarigacha yetib boradi».

***

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya amaldorlarini itlarga tenglashtirdi va agar Janubiy Koreya Shimolga hujum qilishga qaror qilsa qaqshatqich mag‘lubiyatga uchrashini ta’kidladi, deb xabar tarqatdi KXDR Markaziy telegraf agentligi.

S.Rahimov, O‘zA