Eron va Isroil mojarosi sovumay turib, Ibrohim Raisiy mintaqaviy, ikki tomonlama munosabatni muhokama qilish uchun Pokistonga uch kunlik safarini boshladi.

Eron Islom Respublikasi yetakchisi Pokiston rahbarlari bilan uchrashib, savdoni rivojlantirish va chegara muammolarini hal etishni maqsad qilgan. Shuningdek, u Bosh vazir Shahboz Sharif bilan uchrashmoqchi, chunki ikki qo‘shni mamlakat yanvar oyidagi raketa hujumidan keyin aloqani tiklash harakatiga tushgan. Mahalliy matbuot xabar berishicha, Raisiy sezilarli siyosiy va iqtisodiy ta’sirga ega shaxs – Pokiston armiyasi rahbari general Osim Munir bilan ham ko‘rishadi.

Eron yetakchisi Lahor, Karachi singari yirik shaharlarga boradi.

Eron – Pokiston munosabati qay ahvolda?

Eron va Pokiston o‘rtasida muammoli masalalar mavjud: ikki davlat bir-birini qurolli guruhlarni jilovlay olmayotganlikda ayblaydi.

Chegaradagi taranglik yanvar oyida Eron – Pokiston chegarasi orqali havo hujumi amalga oshirilishi oqibatida ikki bola vafot etgandan keyin kuchaygan. Eron davlat matbuoti qurolli guruhlarning ikki bazasi nishonga olinganini aytdi. Bunga javoban Pokiston Eron hududiga raketa otib, Tehrondagi elchisini chaqirib oldi. Endi qo‘shni davlatlar keskinlikni yumshatishga qaror qilgan. Raisiy tashrifidan oldin Tehron va Islomobod terrorizmga qarshi kurashishga kelishib olgani ham ma’lum.

– O‘sha payt Pokistonni muvaqqat hukumat boshqarayotgan edi. Demak, eronliklar yangi hukumat kelgach, munosabatni tiklash va mustahkamlashga qaror qilgan, – deydi Sidney texnologiya universiteti olimi Muhammad Faysal.

Pokiston va Eron munosabatining ahamiyati nimada?

Pokistonlik diplomatning fikricha, Islomobodda Hindiston va Afg‘oniston bilan chegara muammosi mavjud. Shu bois Eron bilan yaxshi va barqaror munosabat Pokiston uchun juda muhim va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi.

Islomobod va Tehron hozirgi 2 milliard dollarga teng o‘zaro savdo miqdorini oshirish niyatida. Faysal ikki davlat o‘rtasida suyultirilgan gaz va neft bilan bog‘liq norasmiy savdo qiymati juda yuqori ekanini ta’kidlaydi. Eron Pokistonning Balujiston viloyati va yana bir necha chegara hududini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Qolaversa, bu ikki davlat yaqin madaniy, diniy aloqaga ega. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, umumiy chegara 900 kilometrga cho‘zilgan bo‘lsa-da, ikki el o‘rtasida yaqin muloqot shakllanmagan. Sayyohlik ham diniy turizm bilan cheklangan, xolos.

Eron Islom Respublikasi Prezidenti o‘zaro mahsulot ayirboshlashni 10 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. O‘tgan yil avgust oyida ushbu marra 5 milliard dollar qilib belgilangan edi. Eron tabiiy gazini Pokistonga eksport qilish uchun quvur qura boshlagan, ammo AQSH yadroviy dasturi tufayli mamlakatga sanksiya kiritgach, jarayon to‘xtab qolgan. Tahlilchi aytishicha, muzokara davomida Pokiston – Eron gaz quvuri ham muhokama qilinishi mumkin. Shuningdek, Pokiston mintaqada ehtimoliy harbiy harakatlarning oldini olish va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun xalqaro sa’y-harakat zarurligini ta’kidlab keladi. Pokiston Isroilni tan olmaydi, bu davlat bilan bevosita aloqa kanallariga ega emas.

Sardorbek Poyonov, Asliddin Alijonov,

Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA