Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi kurs talabalarining ijtimoiy sharoitini yaxshilash hamda bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda filial rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar hamda bitiruvchi kurs talabalari qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning porloq kelajagiga, ularning hunar o‘rganib, yetuk kadr bo‘lishiga e’tibor qaratilib, ularni ish bilan ta’minlash borasida keng imkoniyatlar yaratilib berilayotganligiga e’tibor qaratildi.
Tashkil etilgan yarmarkada 40 tadan ziyod ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Ish beruvchilar bitiruvchi bosqich talabalari bilan yaqindan muloqot olib bordi. Olib borilgan suhbat davomida 87 ta mehnat shartnomasi imzolashga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy o‘quv yilida filialni 5 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 360 nafar talaba bitiradi. Albatta, ularning har birini katta hayotga to‘g‘ri yo‘naltirilib, ish bilan ta’minlash borasida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Tadbir doirasida talabalarga bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar, ish beruvchilar tomonidan ularga tegishli tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri