AQSH Kongressi Vakillar palatasi Ukraina, Isroil va Tayvanga xavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi 95 milliard dollarlik qonunchilik paketini qabul qildi. Uzoq kutilgan qonun loyihasi ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlovdan o‘tib, Senatga yuborildi. Undan so‘ng hujjat imzolanishi uchun prezident Jo Baydenning stoliga kelishi mumkin.

Isroilga qancha yordam yuboriladi? 

Tashqi yordam paketi Isroil uchun 26,38 milliard dollar, jumladan, gumanitar ehtiyojlar uchun 9,1 milliard dollar ajratadi.
5,2 milliard dollar Isroilning raketa va unga qarshi mudofaa tizimini to‘ldirish, kengaytirishga yo‘naltiriladi. Ilg‘or qurol tizimlarini sotib olish uchun 3,5 milliard dollar, qurol ishlab chiqarishni kuchaytirish uchun 1 milliard dollar ajratiladi. Boshqa xizmatlar uchun 4,4 milliard dollar kuzda tutilgan. G‘azo sektori va bosib olingan G‘arbiy Sohilni o‘z ichiga olgan gumanitar maqsadlar uchun 9,2 milliard dollar.

Biroq, insonparvarlik yordami uchun mablag‘ ajratilishiga qaramay, qonun loyihasida BMTning Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligini moliyalashtirish taqiqlangani ko‘rsatilgan. Bunga sabab agentlik xodimlari 7-oktyabrda XAMASning hujumlarida ishtirok etganligi to‘g‘risida Isroilning asossiz ayblovlaridan keyin sodir bo‘lgan.

Ammo G‘arbning bir qancha donorlari G‘azodagi ikki millionga yaqin aholi uchun muhim bo‘lgan ushbu agentlikning moliyaviy holatini qayta tiklagan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHning milliard dollarlik yordamini olqishlab, o‘z rahmatini aytgan va G‘arb sivilizatsiyasini himoya qilishini yozib qoldirgan ijtimoiy tarmoqda. Falastin tomoni esa qonun loyihasini Falastin xalqiga tajovuz va xavfli eskalatsiya deb atagan.

– Ushbu ajratilayotgan pul G‘azo sektori va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi minglab falastinliklarni qurbonga aylantiradi, – dedi Falastin prezidenti Mahmud Abbosning matbuot kotibi Nabil Ab-u Rudeyna.

Ukrainaga qancha pul yo‘naltiriladi? 

Qonun loyihasi Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun 60,84 milliard dollar ajratadi. AQSH qurollari, zaxiralari va inshootlarini to‘ldirish uchun 23 milliard dollar. Ukraina armiyasini tayyorlashga yordam beradigan jihozlar uchun 14 milliard dollar. 11 milliard dollardan ortiq mablag‘ AQSHning mintaqadagi joriy harbiy amaliyotlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, Kiyev va Vashington o‘rtasidagi razvedka sohasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. 8 milliard esa noharbiy yordam bo‘lib, Ukraina hukumatiga maoshlarni to‘lashda ko‘maklashadi.

– Bugun Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan AQSHning muhim yordami haqidagi qonun loyihasi urushning kengayishiga yo‘l qo‘ymaydi, balki, minglab odamlarning hayotini saqlab qoladi va har ikki xalqimizning kuchayishiga yordam beradi, – dedi Zelenskiy.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova AQSHning yangi yordam paketi butun dunyo bo‘ylab inqirozning chuqurlashishiga olib kelishini aytdi. Shuningdek, u Ukraina rejimiga harbiy yordam terrorchilik faoliyatiga bevosita bog‘liqligini qo‘shimcha qilgan.

Osiyo-Tinch okeaniga qancha pul ajratiladi? 

Hisob-kitobga ko‘ra, 8,12 milliard dollar Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga, jumladan Tayvanga yo‘naltiriladi.

Tayvan Milliy Mudofaa vazirligi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin AQSH Vakillar Palatasiga Tayvanni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. Vazirlik milliy xavfsizlik, Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun jangovar tayyorgarlikni kuchaytirish uchun qattiq harakat qilishini aytgan.

Shu bilan birga Ukrainani qayta tiklash uchun Rossiya markaziy bankining muzlatilgan aktivlarini musodara qilish, Eron, Rossiya va Xitoyga qarshi sanksiyalar kiritish imkonini beruvchi takliflar, shuningdek, TikTok video ilovasining xitoylik egasi o‘z ulushini sotishi yoki AQSHda ta’qiqqa uchrashi haqida qoidalar mavjud.

– Men Senatdan ushbu paketni tezda mening stolimga yuborishni so‘rayman, qonunga imzo chekaman va biz Ukrainaga ularning jang maydonidagi favqulodda ehtiyojlarini qondirish uchun zudlik bilan qurol va jihozlarni jo‘natamiz, – degan prezident.

Senat muhokamasi seshanba kuni boshlanishi kutilmoqda. 

Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.