Ijtimoiy tarmoqlarda Orolbo‘yidan dinozavr izlari va dinozavr bolasining suyaklari topilgani haqida xabar tarqaldi.
Ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga qarashli Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy tadqiqot institutining geologiya laboratoriyasi mudiri Izzet Aimbetov bilan suhbatlashdik.
– Dinozavrlarga tegishli noyob suyak hamda izlarni topish tadqiqoti qachondan, kim tomonidan boshlandi?
– O‘tgan yilning sentyabr oyida qoraqalpog‘istonlik olimlar bilan hamkorlik qilish istagida Slovakiyadan bir nechta paleontolog olimlar kelishdi. Ular Orolbo‘yidagi ko‘plab hududlarda tadqiqot olib borib, noyob topilmalarni topishdi.
Ular orasida suvda yashaydigan dinozavrning kichikroq turining suyagi ham bor. Olimlar yurtlariga qaytib ketishdi va joriy yilning aprel oyi boshida yana Qoraqalpog‘istonga kelib, tadqiqot ishlarini davom ettirib, Ustyurtda dinozavr izini topishdi.
– O‘sha iz shuncha yillar davomida qanday saqlanib qolgani bizga juda qiziq…
– Dinozavrning izlari yerga botib, vaqt o‘tgani sayin geologik jarayon natijasida toshga aylanib qoladi. Hozir olimlar ana o‘sha tosh izlarni chuqur o‘rganishmoqda.
– Demak, dinozavrlar ertaklarda emas, hayotda bo‘lgani rost ekanda?
– Albatta, bu ertak emas. Dinozavrlar hayotda bo‘lgan. Dala tadqiqot ishlari davomida topilgan dinozavr bolasining suyaklari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda. Paleontologlarning aytishicha, bunday noyob suyaklar hozircha Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ruminiya, Xitoy va Qoraqalpog‘istonda topilgan. Hozir ushbu dala tadqiqotlari natijasi haqida dunyodagi nufuzli jurnallarga 3 ta katta maqola tayyorlanmoqda. Bu hali hammasi emas. Olimlar yana ko‘plab noyob suyaklar topishdi. Bizda noyob topilmalarni tahlil qilish imkoni bo‘lmagani tufayli ular topilmalarni o‘rganish uchun olib ketishdi.
Ikkinchi ekspeditsiyada ishtirok etish uchun Fransiyadan olimlar kelib Qora-tog‘ tog‘lari, Ustyurt, Nukus, Xo‘jayli, Taxiatosh tumanlarida bo‘lib ko‘plab noyob suyaklarni topishdi. Ushbu suyaklar Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limida saqlab turilibdi.
– Qoraqalpog‘istonda shuncha noyob topilmalar bor ekan, nima uchun olimlarimiz bulardan avvalroq xabar topishmagan?
– Birinchi sabab, Qoraqalpog‘istonda paleontolog olimlar yo‘q. Umuman, O‘zbekistonda bunday mutaxassislarga juda katta ehtiyoj bor. Bu soha vakillari keyingi yillarda kamayib ketdi. Paleontolog olim million yillar oldin yashagan hayvonlarni, paleontologiya esa yerning tarixini o‘rganadigan fandir.
Ikkita ekspeditsiya jarayonida topilgan suyaklar 70 million yil oldin yashagan hayvonlarning suyaklari bo‘lib, shu suyaklar orqali olimlar yerning tarixini o‘rganadi.
– Keyingi rejalar qanday?
– Slovakiyalik olimlar bilan memorandum imzoladik. Ushbu memorandumga Slovakiyada yosh paleontolog olimlarni tayyorlash masalasi ham kiritilgan.
Sentyabr oyida hamkorlarimiz bir oy muddatga O‘zbekistonga keladi. Ular bilan birgalikda ekspozitsiya tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu ekspozitsiyalar turistlarni jalb qilishga katta yordam beradi. Odamlar dinozavr suyaklarini ko‘rishga qiziqib keladi.
Hozirdan shunga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordik. Rejamiz amalga oshsa, Qoraqalpog‘istonda turizmning rivojlanishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Nigora Rahmonova, O‘zA