Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish mexanizmlari, uning afzalliklari hamda samarasiga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Sirdaryo viloyati tibbiy-sanitariya yordami  muassasalari rahbarlari, oilaviy shifokorlar, amaliyotchi hamshiralar, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari onlayn ishtirok etdi.

Seminar-treningda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Muborak Sadirova, ushbu jamg‘armaning bosh mutaxassisi Ruhullo Mahmudov davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan yangi tizimning Sirdaryo viloyatidagi samarasi va uning afzalliklariga batafsil to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish hamda tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, tibbiyot sohasida natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimiga o‘tilib, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami  muassasalarida (oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, tuman markaziy poliklinikalari) aholi jon boshiga moliyalashtirish hamda shifoxonalarda “davolangan holat” bo‘yicha moliyalashtirish orqali maqsadli va adolatli ravishda mablag‘ ajratilishiga erishiladi.

Misol uchun, poliklinikalar ilgari xodimlar soni asosida, shifoxonalar esa o‘rin soniga qarab byudjetdan moliyalashtirilgan bo‘lsa, endi shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar, davolanib chiqqan bemorlar soni, bajarilgan jarrohlik amaliyotlari soni va murakkablik darajasiga qarab moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi bu – tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlar aholiga ko‘rsatilishi uchun ularni tibbiyot tashkilotlaridan xarid qilish bo‘yicha xuquqiy, iqtisodiy va tashkiliy chora-tadbirlar jamlamasi hisoblanadi. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, ” tibbiy sug‘urta “ ma’lum bir mablag‘ evaziga seni saqlaymiz (davolaymiz), kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatamiz”, degan ma’noda tushuniladi.

Yurtimizda joriy etilayotgan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida aholi davlat tibbiy sug‘urtasi uchun badal puli to‘lamaydi, ya’ni chiqimdor bo‘lmaydi. Aksincha, aholi salomatligi davlat hisobidan sug‘urtalanadi. Bunda davlat tibbiy yordam olish qoidalarini belgilaydi va har bir bosqichda kafolatlangan hajmdagi tibbiy xizmatning bepulligini ta’minlaydi.

Umuman, dunyoda tibbiy sug‘urtaning bir necha turi mavjud. Ular majburiy, ixtiyoriy va davlat tibbiy sug‘urtasi va boshqalar. Majburiy tibbiy sug‘urta – ishchi va xizmatchilar, o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar hamda ish beruvchilar tomonidan to‘lanadigan badal tushumlari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi. Ushbu tizim qator mamlakatlarda, shu jumladan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda joriy etilgan. Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta tizimi respublikada tarixan mavjud bo‘lib, jismoniy shaxslar o‘zini va oila a’zolarini, yuridik shaxslar o‘z xodimlarining sog‘lig‘ini sug‘urtalash imkoniyatiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yurtimizda, xususan, Sirdaryo viloyatida 2021-yil 1-iyuldan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish boshlandi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarining ushbu viloyatda joriy etish tajribasida oilaviy shifokor, amaliyotchi va patronaj hamshira hamda doyadan iborat tibbiy brigadalar tashkil etilib, qayta tayyorlandi. Kunduzgi statsionar xizmatlar kengaytirildi. Natijada 40 va undan katta yoshdagi 240 ming nafar aholi (92 foiz) skriningdan o‘tkazildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlari asosida jihozlangan shifokor oldi ko‘rigi, sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi xonalari hamda profilaktika maktablari tashkil etildi. Poliklinikalarda oilaviy shifokorning 30 foiz ish yuklamasi amaliyotchi hamshiraga yuklatilishi hisobiga oilaviy shifokorning ko‘rik vaqti uzayishi kuzatilib, har bir bemor uchun ajratilgan 5-6 daqiqa o‘rniga 10-15 daqiqaga uzaydi va navbatlarga chek qo‘yildi. O‘tkazilgan monitoring natijalari shifoxonalarga bemorlarni asossiz yotqizish ko‘rsatkichi 45 foizdan 20 foizgacha kamayganligini ko‘rsatdi.

Barcha tibbiy-sanitariya yordami muassasalari kompyuter texnikasi bilan ta’minlanib, ish jarayoni to‘liq raqamlashtirilmoqda. Viloyat aholisining 94 foizi elektron dastur orqali oilaviy shifokorlarga biriktirildi hamda ularning sog‘ligi to‘g‘risida elektron ma’lumotlar yaratildi. Joriy yilning 5-fevralida Prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy yilda Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 2025-yildan Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, 2026-yildan Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Xorazm va Toshkent viloyatlarida bosqichma-bosqich joriy etish choralarini ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

–Tadbirda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish mexanizmlari, uning afzalliklari to‘g‘risida batafsil ma’umotga ega bo‘ldik, – deydi Nukus shahar tibbiyot birlashmasi  boshlig‘i Jamal Tarixov. – Bugungi kunda yangi tizimga tayyorgarlik, tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini raqamlashtirish, fuqarolarlarning elektron bazasini shakllantirish ishlari olib borilmoqda.

Tibbiyot sohasida sug‘urta tizimining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ulushi o‘sishiga, aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillarining sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga, tibbiy xizmatlar bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, aholining tibbiy yordam uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlari darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri.