Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida 18-20-aprel kunlari vazirlik va idoralar matbuot kotiblari uchun seminar-treninglar tashkil etildi.
Oxirgi paytlarda axborot makonida turli feyk va yolg‘on axborotlar soni ko‘payib, foydalanuvchilar orasida aniq, xolis va haqqoniy manbaga bo‘lgan talab tobora oshib bormoqda.
Bunday talabni qondirishda davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari muhim o‘rin tutadi.
Axborotlashgan jamiyatda milliy kontent yaratish, bu jarayonlarda davlat organlari axborot xizmatlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, yaxshi uslub va infotexnologiyalardan foydalanish masalasi birinchi o‘ringa ko‘tarilmoqda. XXI asrda axborot xurujlari eng katta tahdidlardan biriga aylandi. Axborot xavfsizligini ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
O‘quv-seminar doirasida o‘tkazilgan panel sessiyalarida respublikada va hududlardagi axborot xizmatlarining o‘zaro hamkorligi, bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari, tashkilot imijini yaratish, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil qilishda rahbar va axborot xizmati hamkorligi mavzularida taqdimotlar, keng munozarali suhbatlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu tadbir doirasida ishtirokchilar vaqtini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasidagi do‘stona munosabatni yanada mustahkamlash maqsadida “Zakovat Kuiz” intellektual o‘yini tashkil qilindi. Unda respublikamizning har bir tashkilotidan yig‘ilgan matbuot kotiblari jamoalarga bo‘lingan holda bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Tadbir so‘nggida g‘oliblar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirning ikkinchi kuni har bir vazirlik va idora axborot xizmati rahbari tomonidan o‘z tashkilotining hududiy boshqarmalari axborot xizmati vakillari uchun malakaviy o‘quvlar, tuman va shahar hokimliklari matbuot kotiblari malakasini oshirish yuzasidan seminar tashkil etildi.
Matbuot kotiblari o‘z chiqishlarida axborot xizmatlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali xalqaro indikatorlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatish, doimiy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlar, OAV, media bilan ishlash mexanizmlarini zamonga muvofiqlashtirish masalalariga to‘xtaldi.
Uch kunlik konferensiya dasturidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining qadimiy manzillariga sayohatlar uyushtirish ham o‘rin olgan.
Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi agentligi direktori A.Xo‘jayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari R.Saparbayev so‘zga chiqdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri