Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi kurs talabalarining ijtimoiy sharoitini yaxshilash hamda bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning porloq kelajagiga, ularning hunar o‘rganib, yetuk bilimli bo‘lishiga e’tibor qaratilib, ularni ish bilan ta’minlash borasida yaratilgan sharoitlar haqida gapirdi.
Tashkil etilgan yarmarkada 40 tadan ziyod ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Ish beruvchilar bitiruvchi bosqich talabalari bilan suhbat davomida 87 ta mehnat shartnomasini imzoladi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy o‘quv yilida filialni 5 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 360 nafar talaba bitiradi. Albatta, ularning har biri katta hayotga to‘g‘ri yo‘naltirilib, ish bilan ta’minlanishi borasida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, bu borada amaliy ishlar olib borilmoqda.
Tadbir doirasida talabalarga bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar, ish beruvchilar tomonidan ularga tegishli tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri