Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tayotgan qit’a chempionatining ikkinchi kungi bellashuvlari yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar tarixda birinchi marta ayollar kurashi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

30 ga yaqin davlatning mahoratli sportchilari qatnashayotgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zosi Aktenge Keunimjayeva -50 kilogramm vaznning saralash bahslari muvaffaqiyatli o‘tkazib, final yo‘llanmasiga ega chiqdi. Aynan ushbu natija iste’dodli kurashchi qizimizga Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi sohibasi bo‘lishiga olib keldi.

Aktenge Keunimjayevaning Osiyo chemponati 1/2 finalida Xitoy Taypeyi vakili Meng Hsuan Hsiyexni mag‘lub etib, medallar uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lishi O‘zbekiston sport delegatsiyasining Parij-2024dagi yo‘llanmalari sonini 30 taga yetkazdi.

Ertaga, 21-aprel kuni qit’a chempionatining uchinchi kunida Osiyoning mahoratli yunon-rum kurashi ustalari qatori Abror Ataboyev, Jalgasboy Berdimuratov, Rustam Assakalov, Temurbek Nasimov  singari kurashchilarimiz Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kechadigan bellashuvlarda o‘z omadini sinab ko‘rishadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA