BMT Xavfsizlik Kengashining 12 a’zosi Falastinni BMTga qabul qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasini ma’qulladi. Ikki mamlakat – Shveysariya va Buyuk Britaniya bu masalada betaraf. Ta’kidlash joiz, ayni payt Falastin BMTda kuzatuvchi maqomiga ega, Isroil esa 1948-yil tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilingan.

Arab davlatlari nomidan Jazoyir tayyorlagan navbatdagi hujjat matnida, jumladan, shunday deyilgan: Xavfsizlik Kengashi Falastin davlatining BMTga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini o‘rganib chiqdi.  Bosh assambleyaga Falastin davlatini Birlashgan Millatlar tashkiloti a’zoligiga qabul qilish tavsiya etiladi.

Odatda XK tomonidan tavsiya etilgan hujjat qabul qilinsa, ko‘rib chiqish uchun Bosh assambleyaga jo‘natiladi. BMTga yangi davlatni qabul qilish uchun Assambleya a’zolarining uchdan ikki qismi ma’qullashi yetarli. Ayni holatda bunday bo‘lmadi.

Majlisda Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya “AQSH qarshi ovoz berib, falastinliklarga nisbatan haqiqiy munosabatini ko‘rsatdi”, dedi. Darhaqiqat, shunday bo‘ldi ham. XK 15 a’zo mamlakatining 12 tasi  hujjatni ma’qulladi. AQSH qarshi ovoz berishi  Falastining davlat sifatida xalqaro hamjamiyatga to‘laqanli a’zo bo‘lish orzusini yana noma’lum muddatga cho‘zadigan ko‘rinadi.

– G‘azoda keskinlik boshlangandan buyon AQSH besh marta veto qo‘ydi, ya’ni bu gal ham falastinliklarga nisbatan qanday munosabatda ekanini yaqqol namoyon qildi, – dedi Nebenzya. – Vashington uchun falastinliklar o‘z  davlatiga munosib emas.

Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kas esa Falastinning tashkilotga qabul qilinishiga qarshi ovoz bergani uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorliye bildirdi.

Falastinning BMTdagi kuzatuvchisi Riyod Mansur bayonot berishicha, muxtoriyat AQSH tutgan yo‘lga qaramay, orqaga chekinmaydi.

– Rezolyutsiya qabul qilinmagani bizning irodamizni sindira olmaydi va intilishimizni yo‘qqa chiqara olmaydi, – degan diplomat. – Biz harakatni  to‘xtatmaymiz, orqaga chekinmaymiz. Falastin Davlati albatta, bo‘ladi, bu haqiqat.

RIA Novosti yozishicha, Isroilning BMT XKdagi doimiy vakili Gilad Erdan minbarga chiqayotganda Arab delegatsiyasi zalni tark etgan. Tomonlarning hududiy manfaati bilan bog‘liq Falastin – Isroil mojarosi bir necha o‘n yillardan buyon mintaqada keskinlik va qurolli to‘qnashuv manbai bo‘lib kelmoqda. BMTning 1947-yil qabul qilingan qaroriga binoan,  Isroil va Falastin davlatlarini tashkil etish belgilangan, biroq faqat Isroil davlati tashkil etilgan. AQSH Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi masalasi Isroil bilan Falastin kelishuvi asosida hal qilinishi kerak, deb hisoblashini har doim ta’kidlab keladi.